O‘zA O`zbek

02.06.2020 Chop etish versiyasi

Ob-havo haqidagi maʼlumotlarga nimalar taʼsir qiladi

Ob-havo haqidagi maʼlumotlarga nimalar taʼsir qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi ob-havo maʼlumotlari sifatiga ham salbiy taʼsir koʻrsatayotgani haqidagi xabarni oʻqib qoldim.

Soha mutaxassislari izohlashicha, bunga aviaqatnovlar toʻxtatilgani sabab boʻlayapti ekan. Dunyo osmoni boʻylab fuqaro aviatsiyasining kechayu kunduz parvozda boʻlgan yuzlab samolyotlari bortidagi gidrometeorologik qurilmalar muayyan mahalliy ob-havo maʼlumotlari haqida sunʼiy yoʻldoshlarga nisbatan ancha aniq maʼlumot taqdim qilar ekan.

Keyingi yillarda global iqlim oʻzgarishlari, ob-havoda turli mintaqalarda shu hududga xos boʻlmagan, anomalik holatlarning kuzatilishi tufayli kishilarning oldindan aytib beriladigan ob-havo maʼlumotlariga qiziqishini kuchaytirdi. Bugun odamlar orasida haftalik, hatto oylik rejalarini televideniya orqali tarqatiladigan ob-havo maʼlumotlariga qarab, uyali telefon vositasida internetga kirib, kuniga uch-toʻrt marta “prognoz pogoda”ni kuzatib belgilaydiganlar koʻp uchraydi.

Darhaqiqat, ob-havo nafaqat shaxslar, balki dunyo mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadigan omillardan biridir. Bu borada dunyo miqyosida sunʼiy yoʻldoshlar orqali olinadigan maʼlumotlar barobarida mahalliy gidrometeorologiya xizmatlarining ham oʻz oʻrni bor.

Namangan viloyati gidrometeorologiya boshqarmasi boshligʻi Erkinjon Abdulahatov bu haqda bizga quyidagilarni gapirib berdi.

– Koʻpchilikda gidrometeorologiya toʻgʻrisida gap ketganida, ob-havoni oldindan aytib berish bilan shugʻullanadigan tashkilot degan nomukammal tushuncha mavjud, – deydi E.Abdulahatov. – Toʻgʻri, faoliyatmiz asosan shunga qaratilgan boʻlsada aslida uning boshqa yoʻnalishlari ham bor. Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi toʻrt boʻlimdan iborat. Gidrologiya boʻlimi viloyatimiz hududidan oʻtgan Sirdaryo, Amudaryo, Norin daryolaridagi gidrologik postlar yordamida muntazam kuzatuv olib boradi. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Norin daryosining Uchqoʻrgʻon tumanidagi kuzatuv posti 1910-yilda tashkil qilingan boʻlib, mana bir asrdan koʻproq vaqtdan buyon muntazam faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Bundan tashqari, Pop va Chust tumanlari hududidan oʻtgan Chodaksoyda ham kuzatuv postlarimiz bor. Hamma gidrologik postlar uzluksiz daryo va soylardagi suv oqimi maʼlumotlarini kuzatib bormoqda. Yillar mobaynida bazaga kiritib borilayotgan kuzatuv natijalarini qiyosiy tahlil qilib, suv bilan bogʻliq tabiiy ofatlarning oldini olish istiqbollari belgilab boriladi. Boʻlim mutaxassislari tomonidan suvning, harorati, kimyoviy tarkibi, radioaktiv holati, oqim tezligi qatʼiy nazorat qilib boriladi. Olingan natijalar tahlil uchun Respublika markaziga joʻnatiladi.

Boshqarma tarkibidagi ikkinchi boʻlim – agrometeorologiya boʻlimi qishloq xoʻjaligi - paxta, bugʻdoy, bogʻlarning iqlim bilan bogʻliq taraflarini tadqiq etish bilan shugʻullanadi. Hozirda uchta tumanda mazkur boʻlim postlari ob-havoning kelishiga qarab hosildorlikning qanday boʻlishi ehtimolini kuzatib bormoqda. Masalan, paxtaning iqlim qanday kelganiga qarab, qachon ekilishi, gullashi va koʻsaklashidan tortib, qoʻshimcha ishlovlar berilishigacha, shuningdek, mevali daraxtlar rivoji oʻrganib, tavsiyalar ishlab chiqiladi. Tumanlarda shu maqsadga xizmat qiluvchi beshta kuzatuv dala maydonimiz ham bor va ularda paxta, gʻalla yetishtiriladi, mevali daraxtlar parvarishlanadi. Ularning rivojiga qarab biz hosildorlik prognozini ishlab chiqamiz va umumiy xulosalarni doimiy ravishda hokimliklarga, boshqa mutasaddi tashkilotlarga berib boramiz. Joylarda yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini oʻrgangan holda hosildorlikka qanchalik zarar yetkazilganini aniqlaymiz.

Kimyo boʻlimi atmosfera havosining ifloslanishi darajasi ustidan nazorat oʻrnatgan. Bu yoʻnalishdagi uchta post Namangan shahrining Lola, temiryoʻl vokzali va A. Xoʻjayev koʻchasi hududida atmosfera havosini ifloslantiruvchi toʻrt parametr, yaʼni, chang, uglerod oksidi, oltingugurt dioksidi va azot dioksidi miqdori boʻyicha kuniga uch marotaba oʻlchov oʻtkazib, tahlilga taqdim etadi.

Bundan tashqari, Namangan xalqaro aeroporti ichida Namangan fuqaro aviameteorologik stansiyasi, Pop tumanida Pop meteorologik stansiyasi ham mavjud. 1878-yildan beri faoliyat koʻrsatib kelayotgan Namangan meteorologik stansiyasi Namangan shahri ob-havosi maʼlumotlarini har yarim soatda butun dunyoga maʼlum qilib boryapti.

Shuni aytish kerakki, ob-hao maʼlumotlarining aniq va ishonchliligi tizimning texnik taʼminotiga bogʻliq. Ochigʻini aytganda, 2018-yilga qadar soha eʼtibordan ancha chetda qolgan edi. Xususan, bizning bosh idoramiz oʻtgan asr oʻrtalarida qurilgan binoda joylashgan, boʻlimlarimiz ham allaqachon muddatini oʻtab boʻlgan anjom, asbob-uskunalardan foydalangan holda faoliyat koʻrsatishga majbur edi. Ammo, keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan sohaga alohida eʼtibor qaratildi. Respublika miqyosida gidrometeorologiya markazlari moddiy texnika bazasini mustahkamlash, bino-inshootlarini modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish, yangi, zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash boʻyicha loyihalar amalga oshirildi.

Jumladan, viloyatda ham soha moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida 2019-2022-yillarga moʻljallangan dastur asosida ish olib borilmoqda. Eski bosh binomiz oʻrniga Namangan shahrining Yuksalish dahasida ikki qavatli, eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlangan yangi bino quriladi. Bu maqsadga davlat byudjetidan 1,2 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan. 0,2 gektar maydonda joylashgan majmuada yangi meteostansiya ham joylashadi va yigirma besh mutaxassis faoliyat yuritadi.

Yaqinda Pop shahridagi meteorologiya stansiyasini toʻliq yangitdan qurish, modernizatsiya qilish boʻyicha tanlov oʻtkazilib, pudratchi aniqlandi, loyihalar ham tayyor. 325 million soʻm mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan stansiya qurilishi boshlanish arafasida turibdi.

2021-yilda esa Kosonsoy tumanida meteorologik stansiyasi barpo etiladi. Qariyb chorak asrdan beri viloyatning togʻli hududlarida bu turdagi meteorologik kuzatuv stansiyalar boʻlmaganligi bois ob-havoni aniq tahlil qilishda koʻplab muammolarga duch kelinar edi.

Qamchiq dovonida Angren-Pop elektrlashtirilgan temiryoʻlining qurilishi vodiy viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan bogʻlashda oʻta muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz. Biz esa, “Yashil iqlim fondi” xalqaro loyihalar fondi tomonidan oʻtkazilgan mazkur elektrlashgan temiryoʻl tunnellarining kirish-chiqish qismida ikkita qor koʻchki stansiyasi loyihasini yutib oldik. Unga asosan, 2019-2020-yillarda umumiy qiymati 1 milliard 570 million soʻmga yaqin ikkita stansiya bino-inshootlari barpo etildi.

Shuningdek, fond tomonidan 2021-yilga Namangan va Toʻraqoʻrgʻon tumanlari oraligʻida oʻrnatilishi rejalashtirilayotgan lokatorlar yordamida bulutlar tarkibini aniqlash imkoniyatlariga ham ega boʻlamiz. Bu uskuna yordamida qaysi hududda kuchli jala, yogʻinlar yogʻib oʻtishi toʻgʻrisida 2-3 soat oldin toʻliq maʼlumot olish mumkin. Hozirgi global iqlim oʻzgarayotgan paytda uning qanchalik foydali ekanini bir soʻz bilan ifodalash juda ham qiyin. Yana shunisi ahamiyatliki, 1 million 200 ming dollarlik mazkur loyiha vodiyda yagona boʻladi.

Xuddi shu kabi viloyatdagi barcha gidrometeorologiya stansiyalari, postlari va boʻlimlari ham modernizatsiya qilinadi. FVB axborot-tahlil xizmati bilan birgalikda sel, suv toshqini xavfi mavjud hududlarga sirenalar oʻrnatish, lokator maʼlumotlari yordamida qoʻshni hududlarda yuz berayotgan kuchli yomgʻir, doʻl, jala va sellarni oldindan ogohlantirish, aholini real evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

1 865
Akromjon SATTOROV, OʻzA