O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

OAVga oid qonunlarni umumlashtirib, yagona axborot kodeksini ishlab chiqish zaruriyati bor

OAVga oid qonunlarni umumlashtirib, yagona axborot kodeksini ishlab chiqish zaruriyati bor
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 6 moddasida, Jinoyat kodeksining 13 moddasida axborot sohasida qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilangan. Lekin shu vaqtgacha kimga yoki qaysi ommaviy axborot vositasiga shu moddalar asosida tegishli jazo choralari koʻrilgan? Bu haqda hech qanday maʼlumotga ega emasmiz. Afsuski, qabul qilingan qonunlardan unumli foydalana olmayapmiz.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etgan “Milliy axborot makonini rivojlantirishda jurnalistika sohasining ustuvor vazifalari” mavzusidagi davra suhbatida maʼlum qilindi.

– Prezidentimiz axborot sohasiga juda katta imkoniyat berdi, – dedi jurnalist, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad. – Yoshligimizda ariq suvini berkitib, maʼlum vaqtdan keyin ochib yuborardik. Yigʻilgan suv hamma joyga toshib ketardi. Prezidentimiz axborot sohasidagi toʻsiqlarni olib tashlagandan soʻng shu kabi holat yuz berdi. Biz bu imkoniyatga maʼnaviy, huquqiy, ayniqsa, axloqiy jihatdan tayyor emasligimiz koʻrinib qoldi. Axborotlashgan jamiyatda axborotning rolini, oddiy odamlarni qoʻya turing, hatto ziyolilar, ijod ahli va ayrim rahbarlar ham bilmaydi. Agar bilganida, hokimlar va ularning oʻrinbosarlari bilan bogʻliq voqealar bunchalik ommalashib ketmasdi. Shuning uchun axborotdan foydalanish axloqini ommalashtirish kerak.

Bugungi zamonning eng dolzarb muammolaridan biri internet tarmogʻi orqali nolegal, noxolis axborotlarning ommaviy holatda tarqatilishidir. Eng xavflisi balogʻat yoshiga yetmagan bolalar va yoshlar uchun ham bunday noxolis axborotlarning tarqatilayotgani. Yoshlar rivojlanishining fiziologik va psixologik xususiyatlarini hisobga oladigan boʻlsak, ular internet tarmogʻidagi qonunga xilof ravishda tarqatilayotgan axborotlarning qurboniga aylanib qolmoqda.

Ishtirokchilar tomonidan bosma nashrlarda turli tanqidiy maqolalar doimiy chop etilayotgani, soʻng tegishliligi boʻyicha tashkilotlarga yuborilganda oʻz vaqtida javob kelmayotgani, ayrim materiallarda jinoyat alomatlari haqida maʼlumot boʻlsa-da, ularga huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tegishli chora koʻrilmayotgani aytildi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 322-moddasi birinchi qism uchinchi bandiga koʻra, ommaviy axborot vositalari bergan xabarlar jinoyat ishini qoʻzgʻatish uchun asos boʻladi, – dedi huquqshunos, jurnalist Olimjon Oʻsarov. – Bundan tashqari, shu kodeksning 327-moddasida muayyan jinoyat toʻgʻrisida matbuot, radio va televideniye, hujjatli kinofilmlardagi, shuningdek, ommaviy axborot vositalariga yoʻllangan, lekin eʼlon qilinmagan xatlardagi xabarlar jinoyat ishini qoʻzgʻatishga sabab boʻladi. Bunday holatda jinoyat toʻgʻrisidagi xabarni eʼlon qilgan yoki tegishli joylarga yuborgan ommaviy axborot vositalari, shuningdek, xabar mualliflari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning talabiga asosan oʻz ixtiyorlarida boʻlgan hujjatlarni va xabarni tasdiqlovchi boshqa materiallarni taqdim qilishlari shart. Mazkur normalar talabidan kelib chiqib aytish mumkinki, OAVda eʼlon qilingan jinoiy qilmishga aloqador xabarlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻrganib chiqishga, jinoyat ishi qoʻzgʻatishga asos boʻladi. Ikkinchi masala, jurnalistlarning himoyasi bilan bevosita bogʻliq. Olmazor tumani hokimi oʻrinbosari va jurnalist oʻrtasida sodir boʻlgan ziddiyatli voqeani olaylik. Hokim oʻrinbosari jurnalistning professional faoliyatiga toʻsqinlik qilish bilan birga tahririyat mulkiga zarar yetkazdi. Ertasi kuni esa jurnalistga nisbatan jiddiy “ayblov”lar eʼlon qildi. Xoʻsh, bu jarayonda jurnalistni, uning huquq va manfaatlarini kim himoya qilyapti? Holatga shunchaki idoraviy munosabat bildirish – bu jurnalist himoyasi emas. Uchinchi masala, bundan ikki yil muqaddam Prezidentimiz Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati oʻtkazilgan tantanali tadbirdagi marosimda amaldagi qonunlarni kodifikatsiyalash mavridi kelganini qayd etgan edi. Meningcha, bu, ayniqsa, OAV sohasidagi qonunlarga tegishli. Negaki, sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi 10 dan ortiq qonunlarimiz bor. Biroq ularda bir-biriga zid, inkor etuvchi, shuningdek, havolaki yoki takrorlovchi normalar mavjudki, bu bugungi shiddatli islohotlar davrida OAV taraqqiyotiga xizmat qila olmayapti. Shu bois, mazkur qonunlarni umumlashtirib, yagona Axborot kodeksini ishlab chiqish zaruriyati paydo boʻlmoqda.

Jurnalistlar xorazmlik qassoblar qabristondan mayitni olib chiqib, bozorlarda sotayapti, deb yolgʻon xabar tarqatgan blogerga hech qanday chora koʻrilmaganini taʼkidladi. Millat shaʼnini oʻylamay, ayollarimizni fohishaga chiqarayotgan, er-xotin munosabatlarini boʻrttirib koʻrsatayotgan va turli video, eng yomoni, tasdiqlanmagan xabarlar tarqatayotganlarga ham keskin chora koʻrish kerakligi aytildi.

Bundan tashqari, internet jurnalistikasi, blogerlik faoliyatiga qonuniy baho berish zarurligi, internetdagi axborotlarning aksariyati yolgʻon va tekshirilmagani uchun ishonchsizligi, xabarlar imloviy xatolarga toʻlaligi tanqid qilindi. Internet jurnalistikasini taqiqlash emas, tartibga solib, rivojlanishiga barcha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi kerakligi haqida soʻz bordi.

Shu bilan birga, turli davlat organlarining aniq maqsadlarga yoʻnaltirilgan harakatlarini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida“gi, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida“gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida“gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida“gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida“gi qonunlar huquqni qoʻllash amaliyotining samaradorligini taʼminlashni talab qilinishi taʼkidlandi.

Davra suhbati ishtirokchilari milliy axborot makonini yanada barqaror rivojlantirish maqsadida axborot sohasidagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish boʻyicha tegishli takliflar berdi.

984
Xurshid QODIROV, OʻzA