Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 21:20 Chop etish versiyasi

OAV sohasida o‘zini o‘zi boshqarishning samarali usullari

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda “Harakatlar strategiyasini amalga oshirish: OAV sohasida o‘zini o‘zi boshqarishning samarali usullari” mavzuida seminar tashkil etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi I.Abdullayev, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bo‘lim rahbari J.Bedsvort va boshqalar O‘zbekistonda yangi taraqqiyot strategiyasini belgilash jarayonida barcha sohalar qatori OAV rivojiga muhim va ta’sirchan omil sifatida alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Rivojlangan demokratik davlatlarda axborot sohasida amalga oshiriladigan islohotlarning asosiy tendensiyasi – bu davlat tomonidan OAVni boshqarishning kamaytirilishi va ruxsat berish jarayonlarini maksimal imkoniyat darajasida bekor qilish yoki ularni murojaat qilish tartibiga almashtirish hisoblanadi.

Bugungi kunda mamlakatimizni demokratlashtirish va modernizatsiyalash jarayonida fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligini ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalarining Konstitutsiya va boshqa qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklarini kafolatlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy Internet saytlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratish, buning uchun alohida davlat fondini tuzish maqsadga muvofiqligini, ommaviy axborot vositalarini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, bunday keng ko‘lamli vazifani talab darajasida hal etish uchun Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya vositalari universitetini tashkil etish zarurligi ta’kidlangan edi.

Seminarda OAV sohasida o‘zini o‘zi boshqarishning samarali usullari bo‘yicha Buyuk Britaniya tajribasi taqdim etildi hamda mazkur sohaga oid qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish borasida so‘z yuritildi. OAV sohasida o‘zini o‘zi boshqaruvchi mustaqil idoralarni tashkil etish orqali jurnalistlar faoliyatida o‘zini o‘zi boshqarish mexanizmlarini joriy etish muhimligi, shuningdek, jurnalistlar kasbiy uyushmasi tomonidan Harakatlar etika kodeksini qabul qilish masalalari muhokama etildi.

– O‘zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi va “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlari loyihalari www.parliament.gov.uz sayti orqali jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi R.Kucherbayev. – Xususan, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga jurnalistlarning kasbiga oid odob-axloq qoidalarini jamlagan yangi modda kiritish taklif etilmoqda. Milliy jurnalistika sohasida etika institutining joriy etilishi inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligini ta’minlash va odob-axloq me’yorlarini izga solish yo‘lidagi yangi qadam bo‘ladi.

Shuningdek, axborot manbasi tomonidan o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan ixtiyoriy ravishda ma’lum qilingan maxfiy xabar, fakt yoki voqealar jurnalistika sohasining siri hisoblanishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, davlat tashkilotlariga OAV so‘roviga bir hafta davomida javob qaytarish majburiyati yuklanmoqda.

Seminarda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

Bayram Aytmurodov, O‘zA
3 467