O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

03.04.2018 15:16 Chop etish versiyasi

OAV: Koreya yarimorolini yadrodan holi hududga aylantirish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinishi mumkin

Joriy yilning 27-aprel sanasida harbiy kuchlardan xoli hudud Pxanmunjom chegara qismida Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlari rahbarlari Kim Chen In va Mun Chje In o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.

Uchrashuvda ikki mamlakat yetakchilari Koreya yarimorolini yadro qurolsizlantirish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilishi mumkin, deb yozadi TASS "Kyodo" agentligi tarqatgan xabarga asoslanib.

Aslida 1992 yilda ham ikki davlat o‘rtasida yadroqurolga ega bo‘lish va uni ishlab chiqarishni taqiqlovchi hujjat tasdiqlangan edi. Keyinchalik Shimoliy Koreya hujjat majburiyatlarini bajarishdan bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning mart oyi boshida Kim Chen In Koreya Respublikasi Prezidenti elchisi bilan uchrashib, mamlakatda mavjud tuzum uchun xavfsizlik kafolatini olsa va harbiy tahdidlar bartaraf etilsa, Pxenyanning yadroqurolga ega bo‘lishiga hech qanday sabab qolmasligini bildirgan edi.

Yaqinda Kim Chen In Xitoy rahbari Si Szinpin bilan bo‘lgan Pekindagi uchrashuvida ham agar AQSh va Janubiy Koreya dushmanona siyosatdan voz kechib, hududda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida o‘z qadamlarini qo‘ysa, Pxenyan yadroqurolsizlanish bosqichiga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Malohat Husanova, O‘zA