O‘zA O`zbek

03.12.2019 Chop etish versiyasi

O‘zni ulug‘ ishlarga qayra…

O‘zni ulug‘ ishlarga qayra…
O‘zbekelning kelib chiqish ildizini Oltin O‘rdaga – O‘zbekxon va Abulxayrxonga bog‘lash unchalik ham to‘g‘rimas. Garchi, ikkala xon ham O‘zbek urug‘idan bo‘lsa-da. Garchi, Oltin O‘rdaning davlat tili O‘zbek tili bo‘lsa-da…
Olimlar bilib, bilmay yoxud sho‘ro ko‘rsatmasi bilan O‘zbek tarixini buzib yozishgan. Vaholanki, O‘zbek O‘zbekxondan ikki-uch ming yil o‘nja tarixga kirib kelgan.

“O‘z” (bek) UZ o‘zagidan o‘sib chiqqan. O‘g‘iz ham, g‘uz ham, yuz ham, juz ham UZdan tug‘ilgan.

Eng qadimgi bitiklardagi “Uz”lar, “Az”lar (Uz, Az ildizi bir atama) qo‘shiqlarini eslang. Uz nomi ming-ming yillarni kechib kelayotganiga ishonch tuyasiz.

Olimlar teran izlansalar: Qongli, Qipchoq, Qorluq, Oltibek, Qo‘ng‘irot, Uyg‘ur, Qirg‘iz, Naymanlar… ham “O‘zdan ungan” degan fikrga keladilar.
O‘rxun-Enasoy bitigida aniq ko‘rsatilgan: “UZ”, “Bek”. Bu ikki birikmada yuzyilliklarda “O‘zbek” tug‘ilgan.

Miloddan ming yillar oldingi Xitoy solnomasida shunday so‘z bor: “Tai (Tailand) yozuvi Xun yozuviga o‘xshaydi”. Idrok qiling, bundan chin yechim chiqadi. Bilasiz, Xun-Turk bir el. Demak, yozuvimiz ham Chin, Rum, Yunon, Arab yozuvlari kabi eski.

Agar Shumer (Sumer) tarixini ko‘z oldimizga keltirsak, Yer yuzi ellari endi uyg‘onayotgan zamonda (7 ming yil avval) Sumerlar birinchi yozuv, maktab, davlat, qonun, madhiya, she’r, qo‘shiq, din (Tangrichilik dini), xastaxona, apteka, hammom, musiqa, arava, egar, uzangi, omoch, ariq – anhor, ekin ekish, ekmek (non), pirog (pishloq, pirog shundan olingan), uzum, may (vino), qurol… yaratishgan.

Shumer turkiy avlod. Buni Amerika, Ovro‘pa olimlari (Roulson, Kromer, Operxayem…) to‘liq tan olishgan va ko‘plab ilmiy kitoblar yozishgan. Men ham bir kezlari sumerlar to‘g‘risida “Dunyo sivilizatsiyasi beshigi” degan esse yozganman. U chet el ¬saytlarida, jumladan, “Dunyo o‘zbeklari”da ham bosilgan.

Sumer tili eng-eng eski til. Buyuk Turkiy til. Sumer gramatikasi turk gramatikasi bilan bir xil. O‘zagi o‘zgarmaydigan agglyunativ til. Shumercha so‘zlarga e’tibor bering: Tangri, O‘ti (Quyosh), Tug‘ (Tug‘-tug‘moq) av (ev, uy, uy), Tir, Tiri (Tirik), ama (ona), ada (ota), men, Bilgi (dono), keng, eng (juda) …

Biz Koshg‘arli Mahmud va hatto Alisher Navoiy tilini tushunishda qiynalamiz. Bularga hali ming yil ham kechmagan. Shundan kelib chiqib mushohada qilsak, sumer tilini anglashimizning o‘zi bir mo‘jiza! Axir, oradan 7 ming yil o‘tyapti!

Yana ham hayratlanarlisi, qondoshlarimiz qanday qilib bizdan (Markaziy Osiyodan) Mesopatamiyaning quyi qismiga: Tigret – Tifret daryolari oralig‘iga borib qolishgan va ochunga madaniyat urug‘ini tarqatishgan? Aql bovar qilmaydi!

Shumer tili o‘z zamonida (bir necha yuz yilliklar davomida) xuddi hozirgi ¬ingliz tiliday jahon tili hisoblangan. Bu to‘g‘rida ochun olimlari aniq dalillar bilan asarlar bitishgan. Jumladan, o‘zimizning akademigimiz Zoir Ziyot (“Shumerlar”) ham, o‘zimizning O‘ljas Sulaymonov ¬ (“Az i ya”) ham qalin – qalin kitoblar yozishgan. O‘zimizning Mahkam Mahmud ham sumerlar haqida qalam tebratgan.

Yetti ming yil oldin, keyingi yuz yilliklarda 18 marta jahon tili darajasiga ko‘tarilgan tilimiz bugungi kunga kelib, yarimjon holga tushib qolgani juda achinarli, juda qayg‘uli! Bunga kim aybdor?
Birinchi navbatda: O‘zimiz, Bosqinlar, Ichki sotqinlar.

“O‘zimiz” deganimning sababi bizda birlik yetishmaydi. Metin birlik! Oqillarimiz, oydinlarimiz, onglilarimiz, qisqasi, millatimiz jonkuyarlarini birjon, birtan bo‘lib qo‘llamaymiz. O‘limdan, zulmdan, qiynoqdan, surgundan qo‘rqamiz. Mening ulug‘ otam Ahmat Oqsoqol ayt¬gan: “O‘limdan qo‘rqqan el ozod bo‘lolmaydi”.

Turkistonning bir butunligi uchun kurashgan buyuk vatansevarlarimiz Mustafo Cho‘qay, Turar Risqul, Munavvar Qorilarni quvvatladikmi?
Yurtsevar, tilsevar bo‘lmish Ozodlik kurashchilarini-chi?

Vatanimiz, millatimiz, tilimiz uchun jonlarini fido qilgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Cho‘lponlarni qo‘llab-quvvatladikmi?

Ey, O‘zbek, qadim, juda qadim zamonlarda Uz nomi bilan dongli bo‘lgan, O‘zbek, ahillikni yo‘qotma! Yo‘qotsang, o‘zingni, tilingni, davlatingni yo‘qotasan!

Inoq bo‘l, elim! Sergak bo‘l, elim!

Kim yurtingga, elingga, tilingga tahdid va xiyonat qilsa, kechirma elim! Aslo kechirma!!! Kurash!!! O‘limdan qo‘rqmay kurash
!!! Bir jon, bir tan bo‘lib kurash!!!

Birinchi galda tilning tozaligi uchun kurash. Olmon, ingliz, rus kabi.
Til yashasa: Millat yashaydi, Davlat yashaydi.

Mening ayrim yozar, olim, yo‘ldosh¬larim “Shavkat Mirziyoev Ota Turkdek ish tutadi” deyishyapti. Balki Tangri og‘zilariga solgandir? Farishtalardan omin-da…

Yer yuzi xalqlari orasida o‘zbekning nufuzi o‘syapti. Shunga yarasha zalvorli qadamlar ham bo‘lyapti. Prezident Shavkat ¬Mirziyoev tilimiz kamoli uchun qutlug‘ ishlar qilmoqda. Turkiy tilli davlatlar KENGAShIga a’zo bo‘lishi ham shundan bir dalolat.

Mana davlat rahbari Til kunida shunday dedi: Ona tilimiz – milliy ma’naviyatimizning bitmas-tuganmas bulog‘idir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Tangri nasib etdi, Yurtboshining farmoni bilan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish tuzilmasi va “Til kengashi” – Atamalar komissiyasi tuzildi. Bu O‘ZLIKni anglashda muhim vosita bo‘ldi.
O‘zbek tilini yot so‘zlardan imkon qadar tozalash lozim. Ingliz, rus, olmonlar o‘z tillarini ajnabiy so‘zlardan tozalashgani misol. O‘zgalardan ibrat olish aybmas. Balki fazilat.

Har qanday yot so‘zining o‘zbekchasi bor. Maboda bo‘lmasa, Turkiya turklari kabi uni yasash joiz. Masalan, turklar: Konstitutsiyani – “Onayasa”, kompyuterni – “Bilgisayar”, maktabni – “O‘qul”, matriarxatni – “Onaerkli”, patriarxatni – “Otaerkli” deyishadi.
O‘rganish – bilim bulog‘i.

Biz katta elmiz. Dunyoda ham o‘z o‘rnimiz bor. Tilchilarimiz shunga yarasha ish tutishlari lozim. Biroq ularda faollik sezilmayapti. Sezilsa, allazamonlar ishga sho‘ng‘igan bo‘lardilar. Shahar, tumanlar o‘zbek tushunmaydigan atamalarga to‘lib-toshmasdi.

Har qadamda “Super market”, “Karzinka Uz”, “Diskoteka”…
Bu O‘zbekyurtmi yo chetyurtmi?!

Shahar, tuman hokimlari qaerga qarashyapti? Ularning ichida Vatan, Millat, Tilni o‘ylaydigan savodlilar bormi?

O‘zbekistondagi barcha ajnabiy atamalar “TIL KENGAShI” elagidan o‘tadi va o‘zbekchalashtiriladi. Menimcha, birinchi galda O‘zbekiston O‘zbekel yoki O‘zbekyurtga aylantiriladi. “Iston” bizdan emas. Viloyat, hokim, vazirlar ham. Bularning o‘rniga o‘lka, boshqon, boqon…lar ishlatilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar. Bundan-da mag‘izli o‘zbekcha-turkcha atamalar bor. O‘ylash, fikrlash, izlanish lozim.

Jizzax va Samarqand o‘lkalarining tog‘li tumanlarida, jumladan, Bog‘donda ham yakshanba, dushanba, seshanba, chorshanba, payshanba, juma…lar ishlatilmaydi. Chunki so‘z ma’nolarini bilishmaydi. O‘zimizning ota tilimizda bular oddiy, tushunarli, go‘zal jaranglaydi: Birinchi kun, Ikkinchi kun, Uchinchi kun, To‘rtinchi kun, Beshinchi kun, Oltinchi kun, Bozor…

Xuddi shundek, “Navro‘z”ni ham hazm etishmaydi. Uni soddagina qilib, o‘z tilimizda aytishadi: YILBOShI.

Anushtegin avlodlari – Xorazm o‘g‘izlari ham kunlarni ayni shunday aytishadi.

“Biz qadim millatmiz!”, “Bizning tilimiz buyuk!” deb bong urayotgan, kir yo‘llar bilan tilini tiqishtirayotgan o‘pkalarga uch-to‘rt savol beraman:
– Shumerlar zamonida (7 ming asr o‘nja) sendan nom-nishon bormidi?

– To‘ng‘u Hoqon (Milloddan 1200 oldin buyuk Xun imperiyasiga asos solgan yo‘lbosh¬¬chi) davrida-chi?

– O‘g‘izxon (Eradan 2 yuz yil burun markazlashgan buyuk Xun Saltanatini tuzgan, Yer yuzini, jumladan, Xitoyni ham olgan ochunolar) zamonida-chi?

– Xorazmshohlar (buyuk imperiya: 1097 – 1231. Ajdodlarimiz bunday 18 ta imperiya yaratgan) davrida-chi?

– Temur Hoqon (14-asr. 29 ta davlatni bir tug‘ ostiga birlashtirgan ochunolar) zamonida-chi?

– Istami Hoqon (6-asr, buyuk turk saltanati hoqoni) davrida hali isming yo‘q edi, shekilli?

– Navoiy zamonida (15-asr) tiling chiqqanmidi?

Kim o‘zga elni, o‘zga tilni yerga ursa, u bashariyat dushmani. O‘z xalqining ham yovi.

Ajdodlarimiz o‘zbek tilini rivoj¬lantirishda misli ko‘rilmagan darajada xizmat qilganlar. Ha, misli ko‘rilmagan darajada…

Mana yana shunday kunlar kelmoqda. Qutlug‘ kunlar. O‘zni anglash vaqti. O‘zni anglasak, Vatan neligini bilamiz, Vatanga jonfido bo‘lamiz. Bu kunlarni TARIX unutmaydi. Yana dunyoga UZ bo‘lib, O‘zbek bo‘lib SO‘Z aytamiz. Xuddi ulug‘ ajdodlar misol…

Evril TURON




2 040
O‘zA