O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

OʼzLiDeP Prezidentimizning BMT sessiyasidagi nutqidan kelib chiqadigan chora-tadbirlar rejasini belgilab oldi

OʼzLiDeP Prezidentimizning BMT sessiyasidagi nutqidan kelib chiqadigan chora-tadbirlar rejasini belgilab oldi

2020-yilning 26-sentyabr kuni OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi va partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining videokonferensaloqa shaklidagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyadagi nutqida ilgari surilgan tashabbuslar atroflicha muhokama qilinib, bu borada partiya va uning oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Soʻzga chiqqanlar bunday nufuzli anjumanda maʼruza qilish imkoniyati hammaga ham berilavermasligi, bunda davlatning ichki va tashqi siyosati, xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtibori, dunyoda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, turli millat va elatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi faol ishtiroki hisobga olinishini alohida eʼtirof etdilar. Ayniqsa Prezidentimiz oʻz nutqida oʻtkir va dolzarb xalqaro tashabbuslarni ilgari surganligi Oʻzbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganini dunyo jamoatchiligiga yana bir bor namoyon etganligi taʼkidlandi.
photo_2020-09-26_22-17-25.jpg

Xususan, pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish taklif etildi. Ushbu hujjatda har bir davlatning oʻz fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozimligi taʼkidlandi. Haqiqatan ham bugungi kunda shunday masalalar yuzaga kelayaptiki, bu muammolarni birorta mamlakat yakka holda hal etishi amrimahol. COVID-19 pandemiyasi ana shu jarayonga yorqin misoldir. Pandemiya tufayli yuzaga kelgan va butun dunyodagi millionlab odamlarning hayotiga taʼsir koʻrsatgan hozirgi global inqiroz butun dunyo hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish va bunda BMTning oʻrni naqadar muhim ekanligini koʻrsatdi.

Shu maʼnoda Prezidentimiz jahon hamjamiyatini ushbu tashkilot atrofida yana-da jipslashishga, koronavirusni global tarqatmaslikni oldini olish borasidagi alohida saʼy-harakatlarni umumlashtirishga chaqirdi. Zero dunyo mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamjihatlik aloqalarining mustahkamlanishi pandemiya tufayli vujudga kelgan kutilmagan vaziyatga moslashishga olib keladi.

Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish taklifi bugungi kunning juda dolzarb masalasidir. Chunki bu boradagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarilsa, mintaqamizdagi mamlakatlar bilan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhiti yana-da yaxshilanadi. Eng asosiysi Oʻzbekistonning qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro savdo hajmi oshadi.

photo_2020-09-26_22-17-31.jpg

Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish masalasi ham qizgʻin qoʻllab-quvvatlandi. Ayni paytda xalqaro hamjamiyat, taniqli ekspertlar ham ushbu muammolarni har bir mamlakat yakka holda emas, birgalikda hal etish eng toʻgʻri yoʻl ekanligini taʼkidlashmoqda. Partiya nuqtayi nazariga koʻra tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining tadbirkorlik qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish, bu borada oʻzaro tajriba almashish ham yaxshi samara beradi.

Umuman olganda, ilgari surilgan takliflar bugungi kunda insoniyatni oʻylantirib kelayotgan dolzarb va oʻtkir muammolarni hal etishga qaratilgan muhim chaqiriqdir.

Albatta ilgari surilgan tashabbus va takliflar siyosiy partiyalar zimmasiga, ayniqsa mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch – OʼzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldiga muhim vazifalar turganligini anglatadi.

Qoʻshma majlisda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqidan kelib chiqib, OʼzLiDeP tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqildi. Uning doirasida qator amaliy tadbirlarni oʻtkazishga, bu ishga hamkor tashkilotlardan tortib partiyaning eng quyi boʻgʻinigacha boʻlgan tizimni faol jalb etishga alohida urgʻu berildi.

Yigʻilish soʻnggida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

OʼzLiDeP matbuot xizmati


1 606
OʻzA