O‘zA O`zbek

05.02.2018 17:10 Chop etish versiyasi

O‘zingizdan uyalasizmi?

Nuqtai nazar

Uyat hissi... Bu g‘oyatda noyob tuyg‘u. Agar u bu qadar kamyob bo‘lmaganida nima bo‘lardi? Olam guliston bo‘lardi! Misol uchun, Vatan haqida she’r yasab o‘tirgan shoir qog‘ozdagi tizmalariga qarab qizarib ketardi. Soxta satrlari qoshida xijolat bo‘lardi. Vatan haqida shunchaki yozib bo‘lmasligini, bu so‘zning zalvorini har qanday yelka ham ko‘tarolmasligini his qilardi. Bu muborak kalom qarshisidagi mas’uliyatdan qo‘rqib, yozuv stolidagi nimarsalarini g‘ijimlardi-da, burchakka uloqtirardi. Ertasi kuni esa “Tanlanma” to‘plamingizda Vatan haqida she’r yo‘q ekan, yozib keling”, degan noshirdan qo‘lyozmasini qaytarib olardi.


Ancha yillar burun bir ijodkor akaning nomi unvon oluvchilar ro‘yxatiga tirkaldi. Sho‘rlikning ilinji umidga, umidi ishonchga aylanib, unvon sharpasini bedor bo‘lib kutdi. Ne hasratki, ro‘yxat katta idoralar eshigidan qaytib chiqqach, infarkt bo‘ldi-qoldi. Chunki uning nomi “oluvchilar” ro‘yxatidan tushib qolgan ekan. Bir oz ko‘ngilchan hamkasblari bechoraga achinishdi. Ammo bu soddalar bilmasdiki, unga unvon bersalar ham shu dardga giriftor bo‘lardi. Chunki bu dard o‘lgur haddan tashqari quvonchda ham zohir bo‘ladi-da.

Aslida u juda yaxshi odam edi. Eshityapsizmi, bor-yo‘g‘i yaxshi odam edi, xolos. Lekin har bir yaxshi odamga mukofot berib bo‘lmaydi-ku! U buni tushunmasdi. Chunki u kishida ham o‘zidan, o‘z ijodidan uyalish hissi andak kamyob edi. U o‘zini salkam daho ijodkorlar qatoriga qo‘yardi. To‘g‘rirog‘i, unda shunday olamshumul da’volar paydo bo‘lishiga ba’zi bir uyatsiz ...shunoslar sababchi edi. Quyuqqina ziyofat ustida yozilgan “taqriz”lar, “so‘zboshi”lar uni shu kuyga solib qo‘ygandi.

O‘zidan uyalish hissi shuning uchun ham lozimki, insonda biror narsani “meniki” deyishdan avval bunga ma’naviy haqqim bormi, degan andisha yuzaga chiqadi. Uyalish tuyg‘usi insonni bedor qilib qo‘yadi. Bu kechinmaning qudrati shundaki, agar u zohir bo‘lsa, yumshoqqina kursida “yo‘q”ni “bor” qilib imzo chekayotgan amaldorning ham qo‘llari qaltirab ketadi. “O‘l-ye, – deydi unga ichki bir ovoz, – qachongacha xalqning nonini “tuya” qilasan? Bir kuni hamma narsaning javobi borligini bilmaysanmi?” Avvaliga u buni eshitmaslikka oladi. Qo‘liga qog‘oz-qalamni olib nimalarningdir rejasini tuzgisi keladi. Daholar misol bir nuqtaga tikilib, chuqur-chuqur o‘yga botmoqchi bo‘ladi. Ammo nachora, yuksalmagan odam teranlasholmaydi. U endi o‘zini chalg‘itmoq ilinjida atayin trubkani olib kimlargadir dag‘dag‘a qiladi. Kimlarnidir topshiriqni bajarmagani uchun koyib beradi. Shu bilan vijdoniga suv sepmoqchi bo‘ladi. Lekin koshki bu “suv” ichkaridagi “o‘t”ni o‘chirsa. Vaqt o‘tgan sari ichki ovoz baland pardalarda jaranglay boshlaydi. Natijada bu amaldor nima qiladi, bilasizmi? “Mening bu lavozimda o‘tirishga ma’naviy haqqim yo‘q” deydi. Qo‘liga kishan solib, olib chiqib ketmasdan burun tinchgina o‘zi chiqib ketadi.

O‘zidan uyalish hissi insonni o‘z-o‘ziga hisobot berishga majbur qiladi. Kechqurun ko‘k choyni ichib, miya bir oz orom olgach, chekkaroqqa o‘tib kolxozning buxgalteriday o‘zingizni hisob-kitob qilishga tushasiz. “Qirq yillik qadrdon edi-ya”, “Bilib qolsa nima bo‘ladi?”, “Bu ham mayli, manavi arzimas pul uchun shuncha yolg‘on ishlatish shartmidi? Bunisi-chi?” Ko‘rpani jahl bilan g‘ijimlab, boshingizga burkab olasiz. Qani endi bu bosh ko‘rpaning ichida tinchiy qolsa. Qiynalasiz. Ertalabgacha "burga" talab chiqadi. Biroq nachora, boshni tashlab ketib bo‘lmasa!

Lekin siz angladingizmi-yo‘qmi, baribir baxtlisiz. Sizga bu iztiroblar muborak bo‘lsin! Axir qiynalmay o‘tib ketsangiz nima bo‘lardi?

Bir notanish yigit bilan uzoq safarga chiqqandik. Qaysidir manzilda u-bu olish uchun muhtasham bir magazinga kirdik. Qaytib chiqqach, hamrohim qo‘lidagi qimmatbaho konfetni ko‘rsatib: “Qancha turishini bilasizmi?” dedi. “Bilaman, bu juda qimmat” dedim. “Kassirning yoniga borsam, pul olish o‘rniga qaytimini oling deb yana shuncha pul berib yubordi. O‘ziyam Xudo berdi-da, aka”, dedi og‘zi qulog‘ida.

O‘zini o‘zi hisob-kitob qilayotgan odam, siz mening o‘sha notanish hamrohim o‘rnida bo‘lib qolsangizu, sizga ham shunaqa qilib Xudo “berib” tursa nima bo‘lardi? Shunisiga shukur qilmaysizmi? Shukur qilasiz, chunki o‘zidan uyalish hissi insonga shukr qilish ne’matini beradi.

O‘zidan uyalish hissi, insonning so‘zi bilan amalini uyg‘unlashtiradi. O‘zidan uyaladigan odam, so‘zidan ham uyaladi. O‘zi amal qilmagan so‘zlarni aytishdan qo‘rqadi. Chunki bunday so‘zlar uning yuziga bir necha marta tarsaki tortib yuborgan. U shundan qo‘rqadi.

Bir paytlar Payg‘ambar alayhissalom ham ummatlariga shunday pand etgan ekanlar: “Odamlar orasida avvalgi payg‘ambarlardan saqlanib qolgan bir gap shuki: agar uyalmasang, xohlagan ishingni qil!” Aslida Muhammad alayhissalomgacha o‘tgan payg‘ambarlarning deyarli barcha ko‘rsatmalari ma’nodan uzilgan edi. Lekin insondagi uyat, hayo mangu o‘chirib bo‘lmaydigan meroslar ichida qoldi.

Bizning milliy fojialarimiz ham aynan SO‘Z bilan AMAL ikki qutbga ajralib qolgan zamonlardan boshlangan. Agar tarixga diqqat qilinsa, bugungi ilm-fan taraqqiyotining poydevori yer yuziga Islom ta’limoti kelganidan keyin besh asr ichida barqaror bo‘ldi. Ne saodatki, bu taraqqiyotning ilk g‘ishtlarini qo‘yganlar bizning buyuk bobolarimiz edi. Shu zamindan chiqqan ulug‘ zotlar dunyo ahliga muallim bo‘ldilar. Ammo vaqt o‘tgan sari jamiyatda so‘z bilan amal o‘rtasida tafovut paydo bo‘la boshladi. Odamlar dinu diyonatdan uzoqlashib, ezgulik haqidagi da’vatlar ularning bo‘g‘izlaridan nariga o‘tmay qoldi. Amal yo‘qoldi, halollik so‘zda qoldi, xolos. Hazrat Bobur “Boburnoma”da 1393-1394 yillar kechmishi haqida yozar ekan, Samarqanddek mo‘’tabar shaharning ma’naviy ahvolini tasvirlaydi va la’natlar aytadi. Bu davrga kelib odamlar o‘spirin bolalarini hatto ko‘chaga chiqarishga ham qo‘rqib qoladilar. Chunki beklar va bekzodalar iymonli inson tilga olishga ham hazar qiladigan axloqsizliklarga sho‘ng‘ib ketgan edilar. El-yurt, din va mamlakat taqdiri hech kimni qiziqtirmay qo‘ygandi. Sababi, jamiyatda so‘z bilan amal birligi yo‘qolib qolgan edi. Natijada jaholat boshlandi.

O‘zidan uyalish hissi inson ko‘nglida qaror topsa, u asta-sekin ijtimoiylashib boradi. U bir kuni shunday ulkanlashadiki, endi bu odam o‘zini Millat va Vatan oldida ham mas’uliyatliman deb biladi. Mana shu mas’uliyat – millatning saodati, Vatanning sha’ni-shavkatidir. Qaysiki millat xor bo‘lgan bo‘lsa, mana shu mas’uliyat esdan chiqqan zamonlarda bo‘lgan.

Bizning o‘tgan asrlardagi fojialarimizdan yana biri mana shu mas’uliyatsizlik edi. Qo‘qon xoni Xudoyorxon Xo‘jand orqali Toshkentga qochib ketayotganda oltin, kumush, la’l, javohirlar to‘la sandiqlari bir karvon bo‘ldi. Xon o‘zi bilan xalqning or-nomusi, erki va ertangi kunini ham sandiqqa joylab ketayotgandi. Buxoro amiri taxtdan ketayotganda xazinasida 34 nomdagi minglab qimmatbaho buyumlar ro‘yxatga olingan. Ularning umumiy qiymati million-millonlarni tashkil etardi. Ro‘yxatga olinmagan boyliklar ham sonsiz-sanoqsiz edi. Afsuski, ular vaqtida chor tarafda bo‘ridek payt poylayotgan dushmanni ko‘rolmadilar. Xalqning peshona terini sandiqqa joylab, xazinaning ustida ilondek kulcha bo‘lib yotib oldilar. Natijada jafokash xalq bu mas’uliyatsizlik alamini asrlar bo‘yi chekib yashadi.

Bugun dunyoning mana man degan muhtasham muzeylarini bizning madaniy boyliklarimiz bezab turibdi. Agar biz ularning bari talab ketilgan deb xulosa qilsak, adashamiz. Bu bebaho boyliklarning ko‘pchiligi XIX asrning ikkinchi yarmi, XX asr boshlarida Buxoro amirzodalari, beklari tomonidan qimorga tikib yuborilgan. Ajnabiy savdogarlar ularni aldab qimorda yutib olishgan. Yuzlab nodir qo‘lyozmalar, qimmatbaho kitoblar va boshqa osori-atiqalar kim oshdi savdosiga chiqarilgan. Millatning qalbi hisoblangan bu boyliklar oldida biror kimsa zig‘ircha mas’uliyat tuymagan.

Bu tarzdagi ma’naviy tushkunlikdan qayg‘uga tushgan Fitrat yozadi: "Ey ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi! Senga ne bo‘ldi? Nechuk kunlarga qolding? Yer yuzining bir necha polvonlari bo‘lgan botir turklaring qani? Nechun chekindilar? Nechun ketdilar? Kurash maydonlarin o‘zgalarga nechun qo‘ydilar? Nechun..." Ammo Fitrat hazratlari bu savollarning javobini o‘zlari juda yaxshi bilardi. Fitrat bilan hammaslak bo‘lgan Vadud Mahmud "Turkiston" gazetasining 1923 yil 24 dekabr sonida yurtning ma’naviy-ma’rifiy qiyofasiga nazar tashlar ekan: “Bo‘za, may va umuman kayf beradurg‘on ichkiliklarining zararli bo‘lishi to‘g‘risida so‘zlab o‘ltirish ortiqchadir... Bu narsa Turkistonning butun shahar va qishloqlarig‘a yoyilg‘on. Hatto ba’zi bir ziyolilar va xotinlarig‘a hurriyat tarafdori bo‘lg‘on kimsalar o‘z oilalari bilan ham "rasman" ichishmakka boshlag‘onlar”, deb yozadi.

Darvoqe, tarix bizga ibratlari bilan qadrli. Shuning uchun ham mulohazalarimizda kechmish kunlarimizga birrov nazar tashladik. Bu bilan birovga malomat qilmoqchi emasmiz. Zero, hazratim aytganlaridek: “Har kimki jafo qilsa, jazo topqusidir”. Qozilik qilmoq bizga tan emas. Bizning ta’maimiz XULOSA chiqarmoqdir.

Va nihoyat, o‘z-o‘zidan uyalish shuning uchun ham lozimki, kishi bu hissiyot qarshisida o‘z aksini ko‘rib turadi. Bu “ko‘zgu” shafqatsizdir...

Alisher Nazar

O‘zA
8 513