O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzim mehr qoʻygan Oʻzbekistonni koreyaliklarga tanishtirishni istayman

Oʻzim mehr qoʻygan Oʻzbekistonni koreyaliklarga tanishtirishni istayman

Hozirgi kunda COVID-19 pandemiyasi tufayli dunyo mamlakatlari murakkab davrni boshdan kechirmoqda. 

Odatdagi hayot tarzi oʻzgarib, yangicha munosabatlar paydo boʻldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi ham pandemiya sharoitidan kelib chiqib videokonferensiya tarzida oʻtkazilyapti.

23-sentyabr kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT tarixida ilk bor oʻzbek tilida soʻzlagan nutqini bevosita kuzatdim.

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi strategik sheriklardir. Mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgandan buyon 14-marta oliy darajadagi uchrashuvlar boʻlib oʻtgan. Joriy yilning qish faslida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga tashrif bilan borishi rejalashtirilgan.

Mamlakatingiz juda tez oʻzgarib borayapti. 2013-yilda yurtingizga ilk bor kelgan boʻlsam, hozirgi davrni oʻsha paytlar bilan umuman taqqoslab boʻlmaydi. Oʻzgarishlar kun sayin emas, soat sayin boʻlayapti.

Oʻzbekistonda Koreya Respublikasini yaxshi biladigan olimlar koʻp, koreys tili esa mashhur tillardan hisoblanadi. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bagʻishlangan marosimda qatnashdim. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan ushbu anjumanda sheʼr oʻqishga muyassar boʻldim. Oʻsha kuni Prezident 21-oktyabrni – Oʻzbek tili bayrami kuni, deb eʼlon qildilar. Uzoq yillar ana shu bayramni, shukuhli konsert va odamlarning quvonchini eslab yursam kerak. Tilga eʼtibor shunday boʻlishi kerak.

Hozir Koreya Respublikasida ham oʻzbek tiliga qiziquvchilar koʻp. Afsuski, Markaziy Osiyo deganda faqat sobiq SSSRni eslatib, oʻz yurtini, chiroyli tilini mensimaydiganlar uchraydi. Oʻzbekistonda esa oʻzbek tili qancha goʻzal jaranglasa, uni xorijda ham shunday hurmat qiladigan farzandlari bor. Koreyada ana shunday yoshlar turli sohalarda ishlamoqda.

BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasiga qaytsak, bu katta imkoniyat. Oʻzbekiston Prezidenti ilk bor oʻzbek tilida nutq soʻzlab, xalqingizning goʻzal tilini dunyoga tanishtirdi. Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazidagi buyuk mamlakat ekanini, kelajakka ishonchi mustahkam, intilishlari bisyor ekanini bayon qildi. 

Va hozirgi qiyin davrda dunyoga tinchlik ovozini berib, birlashib, barcha xavf-xatarlarni yengib oʻtish boʻyicha tashabbuslarni ilgari surdi. Bundan shu yurtda yashayotgan koreys fuqarosi sifatida men ham faxrlandim. Chunki mamlakatlarimiz doʻst, xalqlarimizning oʻxshash jihatlari koʻp.

Men kelgusida Koreya Respublikasida oʻzbek tilini oʻqitishni va oʻzim mehr qoʻygan Oʻzbekistonni koreyaliklarga tanishtirishni istayman.

Yon Sangxim,
Toshkent davlat sharqshunoslik
universiteti doktoranti

765
O'zA