O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

O‘zim ham, 9 nafar tengdoshim ham ishli bo‘ldi

O‘zim ham, 9 nafar tengdoshim ham ishli bo‘ldi

Anor shifobaxsh moddalarga boy meva hisoblanadi. Mevasidan tayyorlangan sharbat immunitetni ko‘taradi. Bu esa kishiga har qanday infeksiyaga qarshi kurasha olish quvvatini beradi.

Abu Ali ibn Sino anor po‘stlog‘ini qon qusishda, milk va ichakdan qon ketganda, shuningdek, yara va jarohatlarga malham sifatida ishlatgan. Anorning sharbati zangila (lavsha, singa) kasalliklarida shifobaxshdir. 

Tibbiy tadqiqotlarda aniqlanishicha, anor sharbati oshqozonda hazm qilish jarayonini yaxshilaydi. Shuning uchun uni og‘ir hazm bo‘luvchi taomlardan so‘ng iste’mol qilish juda foydali. Anor sharbati og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari va tomoq og‘rig‘ida ham davo. Tomoqdagi shamollashni yengishda bu sharbatdan o‘tadigani yo‘q. Og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishida ham chuchuk anor sharbati juda foydali.

Bu haqda yakka tartibdagi tadbirkor Aziz Ne’matov poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida davom etayotgan “Yosh tadbirkorlar” II respublika forumida ishtirokchilarga ma’lum qildi.

– Bizning qishlog‘imizda asosan anor yetishtiriladi, – dedi “Dehqonobod asl anori” rahbari Aziz Ne’matov. – Bu meva sharbatini tayyorlab sotish uchun o‘tgan yili “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi kafilligi asosida bankdan 300 million so‘m imtiyozli kredit olib tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Uskunalarni Avstraliyadan olib keldik. O‘zim ham, 9 nafar tengdoshim ham ishli bo‘ldi. Ular bilan shifobaxsh anor sharbatini tayyorlayapmiz. Mahsulotga xaridorlar soni kun sayin oshib bormoqda. Bu kabi ko‘rgazmalar esa biz uchun foydali bo‘lmoqda. Anor sharbatini nafaqat yurtimizda, balki xorij davlatlariga chiqarishga ham harakat qilyapmiz.

Forum doirasida “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi doirasida imtiyozli kredit olib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 100 ga yaqin yosh tadbirkor, shuningdek, Xitoyning 40 ta yetakchi kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan uskunalar va mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Ko‘rgazma oziq-ovqat va qadoqlash, qurilish materiallari, kiyim-kechak, poyabzal, metall tarmoqlarni sotish kabi ko‘plab sohalarga bo‘lindi.

Yosh tadbirkorlar hamkorlar va xaridorlar bilan muzokaralar olib borib, shartnoma imzolash barobarida, ko‘rgazmaga kelganlarga o‘z mahsulotini sotishga erishmoqda.

So‘nggi yillarda tadbirkorlar xorijdan zotdor quyonlarni olib kelib, uning go‘shti va terisidan mo‘may daromad olishmoqda. Ma’lumki, quyon go‘shti parhezbop mahsulotlar sirasiga kiradi. Go‘shtning yumshoqligi, yog‘ hamda xolesterin moddasining kamligi uchun tibbiyotda ham keng qo‘llaniladi. Uning juni – momig‘i esa issiqni saqlash xususiyatiga ko‘ra, qo‘y junidan bir necha barobar ustun turadi. Quyon terisidan oyoq kiyimlar, sumkalar, qo‘lqop va boshqa mahsulotlar tayyorlashda foydalaniladi.

– “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasidan 600 million so‘m imtiyozli kredit olib faoliyatimizni kengaytirdik, – dedi “Omadbek bo‘stoni” fermer xo‘jaligi rahbari Temur Mo‘minov. – Buning natijasida 6 nafar tengdoshimni ish bilan ta’minlashga erishdik. Fermamizda uch xil zotdor quyonlarni parvarish qilyapmiz. Ular go‘sht, go‘sht-teri (mo‘yna) va jun olinadigan quyonlardir. Ularni Belarus, Ukraina, Slovakiya, Germaniya va Chexiya kabi davlatlardan olib kelib ko‘paytiryapmiz. Bugungi kunda fermamizda 1300 bosh zotdor quyon parvarish qilinmoqda. 2020 yilning fevral oyidan boshlab go‘sht, 2021 yildan esa mo‘yna ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz.

Forum davomida muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar, biznes trenerlar va ekspertlarning seminar va mahorat darslari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

635
Xurshid QODIROV, O‘zA