O‘zA O`zbek

13.08.2018 15:35 Chop etish versiyasi

O‘zgarish va yangilanishlar ijodkor nigohida

Xorazmda “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mustaqilligimizning 27 yilligiga bag‘ishlab “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkazilgan tanlovning Xorazm viloyati bosqichida beshta nominatsiya bo‘yicha 100 dan ortiq ijodiy ish taqdim etildi.

Yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari nominatsiyasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ismoil Ollaberganov, bosma ommaviy axborot vositalari xodimlarining jurnalistik ishlari yo‘nalishida “Bog‘ot sadosi” gazetasi bosh muharriri Sherzodxo‘ja Usmonxo‘jayev, tele-radio ijodkorlarining eng sara materiallari yo‘nalishida viloyat teleradiokompaniyasi suxandoni Yulduzxon Rahimova, tasviriy san’at, foto asarlar va dizayn ishlari nominatsiyasida rassom Soliy Qodirov, kino san’ati bo‘yicha rejissyor Sherzod Rajabov g‘olib, deb topildi.

– Ijodiy jamoamiz yil davomida mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini tinglovchilarga sodda, xalqchil tilda yetkazishga harakat qildi, – deydi “Xorazm” radiosi muharriri Suhbat Matkarimov. – Shunday nufuzli tanlovda g‘oliblar qatoridan o‘rin olganimdan xursandman. Albatta, bu zimmamdagi mas’uliyatni yana ikki karra oshirishini yaxshi tushunaman. yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari haqida tinglovchilarni o‘z vaqtida va keng xabardor etib borishda kuch-g‘ayratimizni yanada safarbar qilaveramiz.

Urganch shahridagi Yoshlar markazi binosida bo‘lib o‘tgan tadbir doirasida viloyatda ijod qilayotgan tasviriy va foto san’ati ustalarining ko‘rgazmasi hamda kitob yarmarkasi tashkil etildi.

G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Shokirov, O‘zA
1 588