Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.06.2018 18:58 Chop etish versiyasi

“O‘zeltexsanoat” AK:Muammolar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish tashkil etildi

Milliy matbuot markazida “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan ishlar, istiqbolli rejalar, tizimdagi muammolar tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda “O‘zeltexsanoat” va uning tarkibidagi korxonalar rahbarlari tarmoqning bugungi kundagi holati va respublikada elektrotexnika sanoatini rivojlantirishning istiqbollari haqida axborot berdi.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda elektrotexnika sanoati jadal rivojlanmoqda. Tizimda xorijiy investorlar ishtirokida kabel-sim, elektrotexnika, maishiy texnika mahsulotlari ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan yangi korxonalar faoliyat olib bormoqda. Jumladan, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida to‘qilgan polietilen izolyatsiyali kabellarni ishlab chiqaruvchi korxonaning barpo etilishi sohada amalga oshirilgan yirik loyihalardan biri hisoblanadi.

2017-yilda mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2013-yilga nisbatan 3,3 baravarga o‘sgan. Bunga ishlab chiqarish quvvatlarini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish orqali erishilgan. Aksariyat korxonalar mahsulotlarini Buyuk Britaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Gruziya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Ukraina, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya kabi o‘nlab xorijiy davlatlarga eksport qilmoqda.

– 2018-2021 yillarda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida umumiy qiymati 731,2 milliard so‘m bo‘lgan 43 yangi loyihani amalga oshirish orqali 1 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan, – deydi “O‘zeltexsanoat” AK boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi A.Abdullayev.

Xalqaro hamkorlik doirasida jahonga mashhur kompaniyalar bilan anglashuv memorandumlari, ikki tomonlama kelishuv shartnomalari imzolangan. Janubiy Koreyaning “Kiturami”, Xitoyning “Haier Group”, Turkiyaning “Odul Madeni” kompaniyalari bilan maishiy texnika ishlab chiqarish sohasida qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Matbuot anjumanida “O‘zeltexsanoat”ning 2018-yildagi ustuvor vazifalari haqida aytildi. Ta’kidlanishicha, elektrotexnika sohasiga jahon brendlarini faol jalb etish orqali davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini qo‘llash, ishlab chiqarish jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni keng tatbiq etish, maishiy texnika qismlarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali mahsulot narxining arzonlashishiga erishish hamda eksport hajmini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Fayyoz Achilov, O‘zA
1 574