O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

“Oʻzbekneftgaz“ AJ: Ishchi guruh Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi holatni oʻrgandi

“Oʻzbekneftgaz“ AJ: Ishchi guruh Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi holatni oʻrgandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan neft-gaz sanoatining moliyaviy barqarorligini oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari belgilab berildi.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 19-20-may kunlari “Oʻzbekneftgaz“ AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida boʻldi.

Dastlab, unda “Gazli neft va gaz qazib chiqarish“ boshqarmasi tasarrufidagi “Toʻmaris“ konidagi qurilish maydoni va u yerdagi konda olib borilayotgan “Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasi“ning qurilish ishlari qay darajada bajarilayotgani oʻrganildi.

Tanishuv jarayonida uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz koʻrsatkichlarini bajarish, tabiiy gaz qazib chiqarish va yetkazib berish tizimidagi muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha kerakli topshiriqlar berildi.

photo_2020-05-22_20-30-26.jpg

Shuningdek, “Toʻmaris“ konidagi quduqlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz tarkibidan mexanik birikmalar, kondensat va texnik suyuqlikni ajratib olishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qilinishi kerak boʻlgan ishlar borasida aniq vazifalar belgilab berildi.

Boshqaruv raisi M.Abdullayev qurilish ishlarini joriy yilning 25-may kuniga qadar toʻliq tugallash va qurilmani ishga tushirish kerakligini taʼkidladi.

Shu bilan birga, bu yerda ishlayotgan ishchi-xodimlarning sogʻligʻi, yashashi, ishlashi uchun yaratilgan sharoit, neft va gaz qazib olish hajmini oshirish uchun bajarilayotgan ishlar ham oʻrganildi.

Eslatib oʻtamiz, boshqaruv raisi boshchiligidagi ishchi guruh aʼzolari 21-22-may kunlari “Andijonneft“ AJdagi ishlar holatini oʻrganadi.

“Oʻzbekneftgaz“ AJ Matbuot xizmati

1 207
OʻzA