Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.06.2018 09:14 Chop etish versiyasi

O‘zbeklar matonatiga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etiladi

O‘zbeklar matonatiga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etiladi
Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albom nashr etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-mayda “Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilindi.

Hujjatda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga O‘zbekiston xalqining qo‘shgan munosib hissasi hamda ushbu tarixiy voqeaning 2020-yilda nishonlanadigan 75 yilligiga bag‘ishlangan kitob-albomni nashr etish nazarda tutilgan.

Mazkur kitob-albomni tayyorlash va nashr etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.

Tashkiliy qo‘mita respublika va xorijiy mamlakatlardagi arxiv va muzeylarda saqlanayotgan mavzuga oid tarixiy hujjatlarni to‘playdi va o‘rganadi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi davrida frontda qatnashgan va front ortida fidokorona mehnat qilgan yurtdoshlarimizdan ularning xotiralarini yozib olish, shaxsiy albom va kutubxonalarida saqlanayotgan tarixiy materiallarni to‘plash ishlarini olib boradi. Aholining shaxsiy kutubxonalarida saqlanayotgan, tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlar, o‘sha davrga oid noyob suratlarni to‘plash va nashrga tayyorlash kabi tashkiliy ishlarni bajaradi.

Ushbu kitob-albomni nashr etishdan maqsad xalqimizning 1941-1945-yillardagi Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaga qo‘shgan munosib hissasini tarixiy hujjatlar asosida ko‘rsatish, fashizmga qarshi janglarda qatnashgan yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, yosh avlodni mardlik, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalashdir.

O‘zA
2 143