O‘zA O`zbek

01.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonning mehnat bozorida pandemiya taʼsiriga qarshi kurashish tajribasi taqdim etildi

Oʻzbekistonning mehnat bozorida pandemiya taʼsiriga qarshi kurashish tajribasi taqdim etildi

Xalqaro Mehnat Tashkilotining Global Sammiti doirasida Yevropa va Markaziy Osiyoda koronavirus pandemiyasining mehnat bozoriga salbiy taʼsiriga qarshi kurashish yoʻllari va kelajakdagi istiqbollar muhokamasiga bagʻishlangan mintaqaviy sessiya boʻlib oʻtdi.

Onlayn-uchrashuvda Shveysariya, Shvetsiya, Portugaliya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Rossiya, Gruziya kabi koʻplab mamlakatlarning mehnat vazirlari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari rahbarlari qatnashdi.

Sessiyada Markaziy Osiyo mintaqasidan Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov ishtirok etib, mamlakatimiz mehnat bozorida pandemiya oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha mahalliy tajriba haqida maʼlumot berdi.

XMT hisob-kitoblariga koʻra, 2020-yilning birinchi choragida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ish vaqtining 3 foizi (toʻliq ish vaqti sharoitida 12 million ish oʻrniga teng) yoʻqotilgan, ikkinchi chorak oxiriga kelib 12,9 foiz ish vaqti (toʻliq ish vaqti sharoitida 50 million ish oʻrniga teng) yoʻqotilishi mumkin. Shu bois yuzaga kelgan vaziyat xalqaro hamjamiyat pandemiyaning odamlar, shuningdek, iqtisodiyot va jamiyat uchun halokatli oqibatlariga qarshi kurash olib borishini taqozo etadi.

photo_2020-07-01_21-56-45.jpg

Vazirlik “COVID-19”ning mehnat bozoriga taʼsirini oʻrganish maqsadida XMT koʻmagida soʻrov oʻtkazdi. Natijada inqiroz iqtisodiyotning bir qator muhim sohalarida xodimlarni, ayniqsa, kichik biznesda band boʻlgan yoshlar va ayollarni ish bilan taʼminlashga sezilarli salbiy taʼsir koʻrsatgani maʼlum boʻldi.

Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan, iqtisodiyot va bandlikni ragʻbatlantirishga, korxonalarni, ish oʻrinlari va daromadlarni qoʻllab-quvvatlashga, ishchilarni ish joylarida himoya qilishga qaratilgan inqirozga qarshi choralar XMTning pandemiyaga qarshi kurash boʻyicha toʻrt asosiy tamoyiliga toʻla mos keladi.

Pandemiya boshlanganda Prezident tashabbusi bilan 10 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻga ega Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi va “Mehr-shafqat va salomatlik” kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻirlashgan oilalar bandligini taʼminlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” joriy etildi. Vaqtincha bandlik boʻyicha jamoat ishlari fondi mablagʻlari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqaro ish bilan taʼminlandi. 33 mingdan ortiq oila kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali taʼminlandi. Aholi oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan subsidiyalar hisobiga 3 ming ishsiz ish bilan taʼminlandi. 20 ming ishsizga ishsizlik nafaqasi berildi. Shunday qilib, 374 ming fuqaro Mehnat vazirligi tomonidan uch oy davomida bandlik va doimiy daromad bilan taʼminlandi.

photo_2020-07-01_21-56-30.jpg

Ayni vaqtda Oʻzbekiston mehnat bozorida XMT bilan birgalikda yana bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, Mehnat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangilangan loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun kiritildi, Milliy bandlik strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha ish olib borilmoqda.

Vazir ish joylarida ishchilarni himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida toʻxtalar ekan, Davlat mehnat inspeksiyasi epidemiologiya xizmati bilan birgalikda korxonalarda sanitariya meʼyorlari va mehnat xavfsizligini taʼminlash tizimi monitoringi yoʻlga qoʻyilganini qayd etdi. Hozirgacha mehnat inspektorlari monitoring guruhlari 5757 korxonada boʻlib, ularning 892 tasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi meʼyorlari buzilganini aniqlashdi. Har bir vaziyat alohida oʻrganilib, muammolar yechimi boʻyicha tavsiyalar berildi.

Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, amaldagi “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonunni qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatdi. Normativ meʼyorlar hozirgi sharoit, xalqaro standartlarga muvofiq, ishchilarni himoya qilish va ular uchun munosib mehnat sharoitlari tashkil qilishni maksimal darajada taʼminlashi kerak. Nozim Husanov “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi boʻyicha hamkorlikda ishlashga umid bildirdi.

Pandemiya paytida noqonuniy ishdan boʻshatish masalalari kun tartibiga chiqdi, ish haqini, homiladorlik hamda tugʻruq nafaqasini toʻlashdan bosh tortish hollari koʻpaydi. COVID-2019 pandemiyasi davrida Davlat mehnat inspeksiyasi fuqarolarning mehnat qonunlari buzilishi va ish joyida huquqni cheklashga oid 8,2 mingta shikoyatni koʻrib chiqdi, shundan 3 mingtasi ayollar tomonidan yuborilgan. Tekshiruvlar natijasida jami 3,6 ming fuqaro, jumladan 1,2 ming ayolning mehnat huquqlari tiklandi.

photo_2020-07-01_21-56-40.jpg

Koʻpgina korxona va tashkilotlar karantin-cheklov choralari sharoitida oʻz faoliyatlarini masofaviy ishlash rejimiga moslashtirdilar. Bunday ish rejimiga oʻtish va barcha meʼyorlarga rioya qilishni taʼminlash maqsadida Mehnat vazirligi “Xodimlarni masofaviy ish usuliga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ni ishlab chiqdi va joriy etdi. Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini, gender tengligini, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida xalqaro mehnat standartlarini mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.

2019-yilda Oʻzbekiston XMTning 29-sonli Mehnat Konvensiyasiga Protokolni ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat boʻldi. XMTning “Uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisida”, 129-sonli “Qishloq xoʻjaligidagi mehnat nazorati toʻgʻrisida” va 81-sonli “Sanoat va savdo sohasidagi mehnat nazorati toʻgʻrisida”gi uchta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi, Bu esa ushbu sohalarda bandlik va ishchi kuchi monitoringini kuchaytirishga imkon berdi.

Ayni paytda XMTning yana uchta - 17-sonli “Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda ishchilarga kompensatsiya toʻlash toʻgʻrisida”gi, 183-sonli “Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 1952-yildagi konvensiyani qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida”gi, 187-sonli “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasini taʼminlash asoslari toʻgʻrisida”gi konvensiyalarni ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrilmoqda. Munozaralardan soʻng XMTning kelgusi faoliyati boʻyicha mintaqaviy takliflar ishlab chiqish, jumladan keyingi strategik reja va tadbirlar dasturini tayyorlash rejalashtirildi.

Besh kun davom etadigan XMTning Global Sammiti 1-2-iyul va 7-9-iyul kunlariga belgilangan. Unda yana bir qator mintaqaviy va global tadbirlar boʻlib oʻtishi kutilmoqda. Keyingi uchrashuvlar davomida pandemiyaning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari bilan qanday kurashish mumkinligi, shuningdek, pandemiyadan soʻng mehnat bozorini tiklash yoʻllari muhokama qilinadi.

photo_2020-07-01_21-56-36.jpg


1 825
Saidmurod Rahimov, OʻzA