Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 19:43 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonning maqsadi – dunyoda adolat muhitini yaratish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqini butun O‘zbekiston xalqi katta qiziqish va mamnuniyat bilan kutib oldi.

Zero, BMT oliy minbaridan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini dunyo hamjamiyatiga yetkazish katta mas’uliyat va sharafdir.

Prezidentimiz o‘z nutqida mamlakatimizda shiddat bilan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarining tub mohiyatida demokratik va adolatli davlat qurish va inson huquqlarining hamma narsadan ustunligi g‘oyasi ustuvorligi, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasi chuqur o‘ylangan siyosat ekanligini alohida ta’kidladi.

Darhaqiqat, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalq uchun xizmat qilish kerak” g‘oyasi mamlakatimizda Xalq qabulxonalari faoliyat yuritishiga yo‘l ochdi. Mazkur institut tufayli qanchadan-qancha fuqarolarning muammolariga yechim topilayotgani, ularning huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanayotgani buning amaliy isbotidir.

Ayni paytda O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilishni kafolatlaydigan choralar dasturining ishlab chiqilganligi ayni muddaodir. Bugun O‘zbekistonda chiqish vizalari bekor qilinganligi, inson huquqlari bilan shug‘ullanadigan milliy va nodavlat tashkilotlari bilan ochiq muloqot faollashgani, tadbirkorlik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha biznes-ombudsman institutining tashkil etilganligi inson va uning manfaatlarini ta’minlash real voqelikka aylanganini namoyon qilmoqda.

O‘zbekiston tashqi siyosatda o‘z tanlagan yo‘liga sodiq qolishi, BMTning global shartnomasi bo‘lmish – Barqaror rivojlanish maqsadlariga O‘zbekistonning rivojlanish strategiyasi hamohang ekanligi qayd etildi. Shu bilan bir qatorda, BMTning bosqichma-bosqich isloh qilish g‘oyasini qo‘llab- quvvatlab, xavfsizlik kengashi tarkibini kengaytirish taklifi bildirildi.

O‘zbekiston tashqi siyosatining eng ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo davlatlaridir. “Bizning siyosatimiz, – deb ta’kidladi Prezidentimiz, – raqobat emas, balki konstruktiv hamkorlik va yaqin qo‘shnichilikdir”.

Buning amaliy natijasini Prezidentimizning qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yganida yaqqol ko‘rish mumkin. So‘nggi oylarda bu borada o‘zaro siyosiy ishonch oshganligi, savdo-iqtisodiy, madaniy aloqalar rivojlangani kuzatildi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimiz O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy parametrlarini dunyo hamjamiyati e’tiboriga havola qildi. Muhimi, bu xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi.

Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning adolatli davlat barpo etishga qaratilgan sa’y-harakatlari nafaqat fuqarolarimizning manfaatlari ta’minlanishiga, balki mintaqada, dunyoda adolat muhiti mustahkamlanishiga, do‘stona munosabatlar mustahkam qaror topishiga xizmat qiladi.

Lola Saidova,
Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar
malakasini oshirish markazi kafedra mudiri,
yuridik fanlari doktori.


930






Все о погоде - Pogoda.uz