Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 15:40 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonning baland tog‘ ekotizimlarida bioxilma-xillikni muhofaza qilishga qaratilgan yangi loyiha ishlab chiqildi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning baland tog‘ ekotizimlarida bioxilma-xillikni muhofaza qilishga qaratilgan yangi loyiha ishlab chiqildi.

Poytaxtimizda mazkur loyihaning ishga tushirilishi va uning mazmun mohiyatini ochib berish maqsadida anjuman tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O‘.O‘tayev va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonida tabiatni asrash, ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviylashtirish, ekologik muvozanatni saqlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimiz boy tabiati va noyob biologik resurslari bilan ajralib turadi. Ushbu noyob tabiiy boyliklarni asrash, yo‘qolib borayotgan turlarni ko‘paytirish, muhofaza etiladigan hududlarni kengaytirish, tabiatga inson omili salbiy ta’sirining oldini olish yurtimizda amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarning muhim yo‘nalishlaridandir.

O‘zbekiston BMTning xalqaro bioxilma-xillikni asrash, yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini himoya qilish, suvda suzuvchi qushlarning yashash joyi bo‘lgan suvli-botqoqli hududlarni muhofazalash, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon va o‘simlik turlari bilan xalqaro savdo qilish yuzasidan qabul qilingan konvensiyalarga qo‘shilgan va ular asosida zimmaga olingan xalqaro majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida milliy strategiya va harakat rejalari amalga oshirilmoqda.

«Global ahamiyatga ega bo‘lgan bioxilma-xillikni muhofaza qilish maqsadida muhim tog‘li hududlarda o‘rmonlardan va tabiat resurslaridan barqaror foydalanish va boshqarish» deb nomlangan yangi loyiha ham bioxilma-xillikka boy yurtimizning baland tog‘ ekotizimlarida tabiiy resurslarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga ko‘maklashish maqsadida ishlab chiqildi.

Loyiha Global ekologik jamg‘arma taqdim etgan grant mablag‘lari evaziga hamda boshqa qator vazirlik va hamkor tashkilotlar ko‘magida 2017-2022 yillarda amalga oshiriladi. Loyiha doirasidagi chora-tadbirlar G‘arbiy Tyan-Shan va Pomir-Oloyning baland tog‘ hududlarida Toshkent, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining ma’muriy chegaralari ichida amalga oshiriladi.

Baland tog‘ ekotizimlarining asosiy vakili muhofazaga muhtoj bo‘lgan qor qoploni hisoblanadi. U Markaziy Osiyoning baland tog‘ hududlarida yashovchi, mushuksimonlar oilasiga mansub yirik yirtqich hayvondir. Qor qoploni xalqaro "Qizil kitob"ga muhofazaga muhtoj tur, O‘zbekistonning "Qizil kitobi"ga esa 2009-yilda tor arealda yashovchi kamayib borayotgan va butunlay yo‘qolib ketish xavfi ostida qolgan tur sifatida kiritilgan.

Mazkur loyiha bunday muammolarning oldini olish, aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, biologik xilma-xillikni asrashga yo‘naltirilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Davra suhbatida loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar, ularning maqsad va vazifalari haqida batafsil to‘xtalib o‘tildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
787






Все о погоде - Pogoda.uz