Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 16:25 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonning 99 yoshdagi muzeyida bo‘lganmisiz?

O‘zbekistonning 99 yoshdagi muzeyida bo‘lganmisiz?
Taassurot va istak
Asrga tutash maskan solnomasi
Osori-atiqalarda o‘tmish tasviri
Yangi islohotlar – muzey faoliyatida muhim omil

Ilmiy va xalqaro hamkorliklar

O‘zbekiston davlat san’at muzeyi jamoasining yana bir orzusi – bu xalqaro statusga ega bo‘lish. Ya’ni, muassasani xalqaro darajadagi muzeylar qatoridan joy olishiga intilishdir.

Shundan kelib chiqib, muzeyni har jihatdan mukammal va zamonaviy ko‘rinish kasb etishini ta’minlash, fondni asrash, bugungi kunga mos ravishda xizmat ko‘rsatish orqali muxlislar e’tiborini qozonish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda ilmiy va xalqaro hamkorliklarning ham alohida o‘rni bor. Shu bois mazkur jamoaning Parij shahridagi Luvr muzeyi, Sankt- Peterburgdagi Ermitaj davlat muzeyi, Moskva shahridagi A.S.Pushkin nomidagi tasviriy san’ati muzeyi, Qozog‘iston davlat milliy muzeyi, Moskvadagi Tretyakov davlat galereyasi va boshqa bir qator muzeylar bilan o‘zaro ijodiy hamkorliklari ijobiy samara berayotir. Masalan, Qozog‘iston davlat milliy muzeyida o‘tkazilgan “O‘zbekiston zamonaviy san’ati” ko‘rgazma ham ana shunday o‘zaro kelishuvlar natijasidir. Kelgusi reja esa parijliklarga O‘zbekiston san’atini namoyish etish. Shu sabab 2018 yil Luvr muzeyi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qadimiy haykaltaroshlik san’ati” deb nomlangan ko‘rgazmani o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Bu yerda muzeyshunos mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha ham talaygina ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Britaniya Kengashi tomonidan o‘tkazilgan “Zamonaviy xalqaro ko‘rgazmalarni o‘tkazish” mavzuidagi seminar, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va YuNESKO xalqaro tashkiloti hamkorligida “Muzeylarda ta’lim: XX asrda yangi global va milliy strategiyalar” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning o‘tkazilishi ilmiy xodimlar uchun foydali bo‘ldi.

Ilmiy xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqot va ishlanishlar muzey faoliyati uchun juda muhim. Shu sabab ular ilmiy maqola va kitoblar nashr ettirib, jarayonda faol ishtirok etayotir. Yaqinda chop etilgan “XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Toshkent shahrining mahalliy o‘quv muassasalari tarixi” kitobi muzey ilmiy xodimi Obid Tangriyev qalamiga mansubdir. Bundan tashqari, “Daryoga ikki marta kirish” ko‘rgazma katalogi, “O‘zbekiston davlat san’at muzeyi noyob xazinasidan“ kitobi, san’atshunoslar V.Fayziyevaning “O‘zbekiston davlat san’at muzeyining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro aloqalari“, “Muzeyning ijtimoiy hamkorlik yo‘nalishlari“, T.Nuriddinovaning “O‘zbekiston davlat san’at muzeyida arxeologiya topilmalari – noyob madaniy merosimizdir» kabi maqolalari shunday ezgu ishlar jumlasidan.
Muzeyni tarix ko‘zgusiga qiyoslash mumkin. Biz ajdodlarimiz qadami tekkan muqaddas qadamjolar, turmush-tarzi, madaniyati va san’atiga doir ashyolarda buyuk moziyni ko‘ramiz. Va shunda bizga ham g‘urur, ham ota-bobolar hayoti va kasbi korini qayta-qayta yodga soluvchi bu muassasa xodimlariga faqat tahsinlar aytgimiz keladi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
4 849