O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Yaponiyada “Sakura science High School program” dasturida qatnashayapti

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar Yaponiyada “Sakura science High School program” dasturida qatnashayapti

Oʻzbekistonlik bir guruh iqtidorli oʻquvchilar joriy yilning 1-dekabridan boshlab Yaponiyaning Tokio shahrida Yaponiya Fan va texnologiyalari agentligi (JST) tomonidan tashkil etilgan “Sakura science High School program” (Xalqaro ilm-fan va texnologiyalar) dasturida qatnashmoqda. Dastur doirasida mamlakatimiz oʻquvchilari xorijiy tengdoshlariga Oʻzbekistondagi taʼlim jarayoni haqida maʼlumot berib, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga oid debatlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Xalq taʼlimi vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, dastur davomida Yaponiyaning eng ilgʻor universitetlari va maktablarida boʻlib, dunyoga mashhur professorlar, Nobel mukofoti sovrindorlari boʻlgan olimlar maʼruzalarini tinglaydi. Dastur doirasida oʻquvchilar uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etilib, Yaponiyaning tarixiy va zamonaviy maskanlariga sayohat uyushtiriladi.

Maʼlumot uchun, kelgusi oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda 5 ta maktabda yapon tilini chuqur oʻrganishga ixtisoslashgan maktablar oʻz faoliyatini boshlaydi.

Mamlakatimiz rahbarining joriy yil dekabr oyida Yaponiyaga kutilayotgan tashrifidan oldin barcha sohalar kabi taʼlim sohasida ham oʻzaro aloqalarni mustahkamlash maqsadida Surxondaryo viloyati, Shoʻrchi tumanidagi 43-maktabga yapon arxeolog olimi Kyudzo Katoning nomini berish hamda yapon va ingliz tilini chuqur oʻrganishga ixtisoslashgan yosh arxeologlar maktabini tashkil etish rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonlik iqtidorli oʻquvchilarning Yaponiyadagi “Xalqaro ilm-fan va texnologiyalar” dasturidagi ishtiroki 8-dekabrga qadar davom etadi.

1 445
OʻzA