O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar 30 dan ortiq xorijiy OTMga qabul qilindi

Oʻzbekistonlik oʻquvchilar 30 dan ortiq xorijiy OTMga qabul qilindi

Yurtimizda taʼlim tizimida muammolar bordir. Ammo oʻz ustida muntazam ishlagan, izlangan yoshlarimiz oʻz bilimi bilan yuksak marralarni zabt etayotgani ham bor gap.

Mana shunday iqtidorli yoshlarni Yunusobod tumanidagi 250-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari orasida ham uchratish mumkin. Bu dargohda iqtidorli yoshlar koʻpchilikni tashkil etadi. 2019-2020 oʻquv yili bitiruvchilari Gulruhbonu Shokirova va Abdulvoris Mirkomilov erishgan yutuqlari kishiga alohida faxr-iftixor bagʻishlaydi. Ular erishgan yutuqlar nafaqat maktab oʻquvchilariga, balki yurtimiz yoshlariga ham namunadir.

Gulruhbonu Shokirova va Abdulvoris Mirkomilov boshlangʻich sinfdanoq maktab va tuman miqyosida oʻtkazib kelinadigan fan olimpiadasi va turli koʻrik-tanlovlarda faol ishtirok etib faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Gulruhbonu Shokirova ona tili va adabiyot fanlaridan boʻlib oʻtgan fan olimpiadalarining tuman va shahar bosqichlarida faxrli I–II oʻrinlarni egallagan. Shuningdek, turli mavzularda oʻtkazilgan insholar tanlovning respublika bosqichida ham munosib oʻrinlarga sazovor boʻlgan. U maktabni oltin medal bilan tamomlagan ilk qaldirgʻochlaridan hisoblanadi.

Mazkur taʼlim maskanining yana bir iqtidor egasi Abdulvoris Mirkomilov matematika fanidan tuman va shahar bosqichlarida oʻtkazilgan bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida munosib ishtirok etib, faxrli oʻrinlarga ega boʻlgan. Quvonarlisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiadaning saralash bosqichida faol ishtirok etib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan.

Xalq taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, Gulruhbonu Shokirova 33 ta, Abdulvoris Mirkomilov 35 ta universitetga talabalikka qabul qilindi.

Gulruhbonu va Abdulvoris Oʻzbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligini yana bir bor isbotladi.

1 937
B.Meliqulova, OʻzA