O‘zA O`zbek

20.05.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik kursantlar xalqaro olimpiadada yana sovrindor bo‘ldi

O‘zbekistonlik kursantlar xalqaro olimpiadada yana sovrindor bo‘ldi

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining kursantlari MDHga a’zo davlatlar harbiy oliy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan harbiy-professional tayyorgarlik bo‘yicha Xalqaro olimpiadada faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati O‘zAga ma’lum qildi.

Xalqaro olimpiadaning mazkur yo‘nalishi bo‘yicha birinchilik Ryazan desantlar tayyorlash bilim yurti vakillariga nasib etdi. Kuchli uchlikka Qirg‘iziston qurolli kuchlari Harbiy instituti kursantlaridan iborat jamoa yakun yasadi.

photo_2019-05-20_09-53-49.jpg

2019 yilda MDHga a’zo yettita davlatning 17 ta oliy harbiy ta’lim muassasasidan jami 35 jamoa xalqaro bellashuvlarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblik uchun o‘zaro kurashdi. Harbiy-professional tayyorgarlik yo‘nalishi olimpiadaning so‘nggi bosqichi edi. Bunga qadar matematika, informatika, harbiy tarix va xorijiy tillar bo‘yicha Xalqaro olimpiada bo‘lib o‘tgandi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari joriy yilda matematika va informatika bo‘yicha ikkinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritgan edi, endilikda ular qatoriga harbiy-professional tayyorgarlik bo‘yicha ham erishilgan natija qo‘shildi.

Sovrindor kursantlarimiz bugun, 20 may tongida Islom Karimov nomida Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. Marosimda Qurolli Kuchlar akademiyasi jamoasi, kursantlarning qarindoshlari va yaqinlari ishtirok etdi.

1 055
O‘zA