O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Transport vazirligi vakillari xalqaro koʻrgazmada ishtirok etdi

Transport vazirligi vakillari xalqaro koʻrgazmada ishtirok etdi

Shu kunlarda Germaniyaning Myunxen shahrida aeroportlarga xizmat koʻrsatish sohasidagi “Inter Airport Europe 2019” xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. Koʻrgazmada butun dunyodan 500 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.

Transport vazirligi Matbuot xizmatining xabar qilishicha, 22-marotaba tashkil etilgan koʻrgazma havo transporti texnikasini rivojlantirish, aeroport va terminallar uchun uskunalar, aerodromlarda ishonchlilik va xavfsizlik, samolyotlarga texnik xizmat koʻrsatish kabi masalalarni qamrab olgan. Tadbir doirasida aeroport faoliyatining dolzarb masalalari boʻyicha seminar va davra suhbatlari boʻlib oʻtmoqda.

Mazkur koʻrgazmada Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi oʻrinbosari I.Mahkamov boshchiligidagi vazirlik vakillari ishtirok etmoqda. Maqsad sohadagi zamonaviy texnologiyalar va aeroportlar faoliyatidagi ilgʻor texnologik yechimlar bilan yaqindan tanishishdir.

Koʻrgazmaning birinchi kuni Oʻzbekiston vakillari “Inter Airport Europe 2019” koʻrgazmasida qatnashib, aeroportlar sohasida xizmat koʻrsatish boʻyicha ishlab chiqilgan eng soʻnggi texnika va texnologiyalar bilan tanishdi.

Tashrifning ikkinchi kuni guruh aʼzolari Yevropaning eng ilgʻor havo darvozalaridan boʻlgan Myunxen aeroporti tajribasini oʻrgandi. Aeroportga uyushtirilgan sayohat davomida uning infratuzilmasi, bu yerda ishlatilayotgan uskunalar va aeroport ishini tashkil etish borasida qoʻllanilayotgan texnologik yechimlar borasida batafsil maʼlumot berildi.

Aeroport konferensiyalar zalida Myunxen aeroportining rivojlanish konsepsiyasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimot soʻnggida I.Mahkamov Myunxen xalqaro aeroport boshqaruvchi direktori Ralf Gaffal bilan muzokara oʻtkazdi. Muzokaralar natijasiga koʻra oʻzbekistonlik kadrlarni Myunxen xalqaro aeroportida amaliyot oʻtashi hamda ular uchun Germaniyada aeroportlar boshqaruvi boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Myunxen aeroporti hozir Germaniyadagi Frankfurtdan keyin ikkinchi oʻrinda turuvchi Yevropadagi eng yirik xablardan biri boʻlib, 2018-yilda 368 ming tonnadan ortiq yuklarni qayta ishlagan, 46,3 million yoʻlovchi hamda 74 mamlakatning 264 shahridan keluvchi 413 mingdan ortiq samolyotlarga xizmat koʻrsatgan. Bir yillik tovar aylanishi 1,5 milliard yevroni tashkil etgan boʻlsa, shundan 150 million yevro miqdorida sof foyda olgan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi “Oʻzbekistonda fuqaro aviatsiyasini tubdan isloh qilish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK negizida 2 ta kompaniya – “Uzbekistan airways” va “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.

Koʻrgazma jarayonida oʻrganilgan zamonaviy texnologiya va innovatsion gʻoyalarni mamlakatimizda qoʻllash va Germaniyada kadrlarimiz malakasini oshirish aeroportlarimizda yoʻlovchilarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati ortishiga va sohaning izchil rivojlanishiga xizmat qiladi.

617
OʻzA