O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 17:54 Chop etish versiyasi

"Oʻzbekistonga oilam bilan albatta kelaman...”

"Oʻzbekistonga oilam bilan albatta kelaman...”
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Allyur“ ot sporti klubida ot sportining toʻsiqlardan sakrash (konkur) turi boʻyicha jahon kubogi final bosqichi boʻlib oʻtmoqda.

Dunyoning 30 dan ortiq davlatidan sportchi va mutaxassislar ishtirok etayotgan ushbu nufuzli turnirning final bosqichini tomosha qilish uchun yurtimizga Yevropa, Janubiy Amerika, Afrika va Osiyo qitʼasining turli mamlakatlaridan ot sporti ixlosmandlari tashrif buyurgan.

e56a26b3-9d93-4145-bf58-f9c69c61edb6.jpgOʻmon qirolligi oilasi vakili, qirollik ot sporti federatsiyasi prezidenti Said Munzir Abulsaid OʻzA muxbiriga quyidagilarni soʻzlab berdi:

– Oʻzbekistonga ilk tashrifim bilan bogʻliq iliq taassurotlar hali aeroportda ekanimdayoq boshlandi. Odatda, boshqa davlatlarga safarim chogʻida aksariyat hollarda u yurtning havosi, tartib-qoidalari, xullas, shunga oʻxshash sabablar bilan begonalik hissi chulgʻab olar edi. Yurtingizda esa bunday holat mutlaqo kuzatilmadi. Juda kam takrorlanadigan ushbu tuygʻuni his etar ekanman, bamisoli ona Vatanimda yurgandek boʻldim.

Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida koʻp eshitgan edim. Bugun ana shu ishlarni oʻz koʻzim bilan koʻrib turibman. Ayniqsa, Jismoniy tarbiya va sport vazirligida oʻtkazilgan qator uchrashuvlarda mamlakatingiz sportida, xususan, yilqichilik va ot sporti sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibordanhayratga tushdim.

Oʻzbekiston ot sporti vakillari qisqa fursat ichida jahonda oʻz oʻrniga ega boʻldi. Mazkur nufuzli musobaqa final bosqichining aynan yurtimizda oʻtkazilayotgani ham buning yorqin dalilidir. Ot sporti vakillaringizning qisqa fursatda bunday natijaga erishish sababi barchani, jumladan, meni ham qiziqtirar edi. Endi esa barchasi oydinlashdi, davlatning sportga bu qadar eʼtibori albatta ulkan zafarlar sari yoʻl ochadi.

Musobaqa juda ajoyib tashkil etilgan. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston bundan buyon ham yuksak darajadagi sport musobaqalariga mezbonlik qilishga qodir va shunday boʻladi ham, inshaolloh. Bularning barchasi uchun mutasaddilarga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Biz Oʻzbekiston bilan yilqichilik va ot sporti sohasida hamkorlik qilishga doimo tayyormiz.

661fb789_22e0_462c_89fb_8d5610f10c40.jpg

Xalqingizning gʻoyat mehmondoʻst va olijanob ekanini taʼkidlamoqchiman. Oʻzbekiston tabiati, havosi, odamlarining bir-biriga mehr-oqibati, eng asosiysi, borib koʻrish lozim boʻlgan tarixiy shaharlari koʻp, hayratlanarli. Bularni men yaqinlarimga tasvirlab bera olmayman. Shu bois, qatʼiy qaror qildim: Inshoalloh, Oʻzbekistonga oilam bilan yana albatta kelaman!

Avazbek Xudoyqulov, OʻzA