Oʻzbekistondagi yagona ayollar ziyoratgohini bilasizmi?
Mamlakatimizdagi yagona ayollar ziyoratgohi haqida eshitganmisiz?
Mamlakatimizdagi yagona ayollar ziyoratgohi haqida eshitganmisiz? Bu Fargʻona viloyatidagi Bibi Ubayda ziyoratgohidir.
Buvayda tumanida joylashgan Bibi Ubayda ziyoratgohi musulmon xotin-qizlarning ruhiy poklanib olishga vosita boʻluvchi maʼnaviyat oʻchoqlaridan biridir. Falsafa fanlari nomzodi Ozoda Nishonovaning yozishicha, mazkur tabarruk maskan oʻzining tarixiyligi va ijtimoiy salmogʻi jihatdan eʼtiborga loyiq. Ziyoratgoh Buvayda qishlogʻidan 8 kilometr Sharqda, Markaziy Fargʻona choʻlining gʻarbiy poyonida joylashgan. Bu yerdagi qabristonga vodiyda musulmonlikni birinchilardan boʻlib qabul qilgan, birinchilardan boʻlib haj ziyoratiga musharraf boʻlgan Bibi Ubayda dafn etilgan. Keyinchalik bu yer katta qabriston va ziyoratgohga aylangan.
Qoʻqon xonligi davrida bu joy xalqimizning maʼnaviyat maskanlaridan biri, ayollarning tabarruk ziyoratgohi edi. Shoʻro davrida bu yer eskilik sarqiti sifatida qoralanib, xarobaga aylantirildi. Mustaqillikdan keyin mazkur ziyoratgoh taʼmirlanib, maʼnaviy qadriyat sifatida eʼzozlana boshlandi. Shuni eʼtiborga olish kerakki, bu joy hozirgi vaqtda respublikamizdagi yagona ayollar ziyoratgohi boʻlib kelmoqda. Bu maskanga faqat xotin-qizlar kelishi udumga aylangan. Ular bu yerni ziyorat qilib ruhiy-maʼnaviy ozuqa olib, hordiq ham chiqarishadi.
Qadimdan Oʻrta Osiyoda hurmat va ehtirom yuzasidan yoshi ulugʻ ayollarga hamda hukmron doiradagi xotin-qizlarga murojaat yoki hurmatni bildirish maqsadida Bibi yoki bibish atamasi qoʻshib aytilgan. Jumladan, islom olamida shu nom bilan mashhur boʻlgan ayollar talaygina. Bibi Ubayda ham ana shulardan biridir.
Bibi Ubayda nomi bilan bogʻliq xalq orasida turli rivoyatlar bor. Ular tarixiy haqiqatga bir muncha toʻgʻri kelmasada, xalq ogʻzaki ijodining badiiy namunasi sifatida ahamiyatga ega. N. Abdulahatov, A. Rahmonov va M. Ahmedovlarning “Buvayda ziyoratgohlari” nomli kitobida bu haqda batafsil maʼlumotlar berilgan.
Taʼkidlab oʻtish kerakki, xalq orasida Podshoh pirim, Shoh Fazl, Safed Bulon, Bibi Ubayda, Bistom buva, Soʻfi azizlar, Bandikushod ota singari joylar bir oilaga mansub boʻlgan zotlarning mozorlari hisoblangan. Shu sababdan ziyoratchilar Bibi Ubayda va Podshoh pirimni ziyorat qilsalar, albatta, Safed Bulondagi Shoh Fazl mozorini ziyoratiga borishni ham niyat qiladi. Garchand oradagi masofa yuz chaqirimdan ziyod boʻlsa-da, ona va farzandining mozorini ziyorat qilish aholi uchun odatga aylangan.
Xoʻsh, Buvayda tumanining maʼnosi nima, u mazkur ziyoratgoh nomi bilan bogʻliqmi? Olimlarning taʼkidlashicha, tumanning maʼnosi Bibi Ubaydaning shevalanish shaklidir. Filologiya fanlari doktori, professor E.Umarovning qayd etishicha, tuman nomi qadimda Bibi Ubayda boʻlgan. Keyinchalik talaffuzdagi tejash qonuniga muvofiq qisqarib, Buvayda holiga kelib qolgan.
Bibi Ubayda singari ayollar nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlar faqatgina goʻzallik timsoli sifatida eʼzozlab kelinmagan. Ular insonlardagi eng oliy sifatlarni oʻzlarida mujassam etganliklari uchun ham buyuk ayollar darajasiga koʻtarilgan. Ular bilan bogʻliq rivoyatlarda sadoqat, muhabbat va mehr singari ezgu fazilatlar haqida hikoya qilingan. Shu sababdan ham ayollar nomi bilan bogʻliq ziyoratgohlar asrlar mobaynida mahalliy xotin-qizlarga umid va ishonch baxsh etuvchi muqaddas joy sifatida ham qadrlab kelinmoqda.