O‘zA O`zbek

27.04.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistondagi ilmiy jurnal dunyo reytingida yuqoriladi

Oʻzbekistondagi ilmiy jurnal dunyo reytingida yuqoriladi

Oʻzbekistondagi yagona xalqaro ilmiy jurnal “Applied Solar Energy” (“Geliotexnika” jurnalining ingliz tilidagi nashri) Scopus xalqaro bibliografik va referativ maʼlumotlar bazasida bir pogʻona yuqoriladi.

Ushbu ilmiy nashr saviyasining oshishi tahrir kengashi aʼzolarining jahonda tan olingan yetuk mutaxassislar ekani hamda ilm-fanda koʻchirmakashlikning oldini olish boʻyicha Polshaning “Plagiat.pl” kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlik natijasida antiplagiat tizimini mamlakatda birinchilardan boʻlib qoʻllab kelayotgani tufaylidir.

Jurnalda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtiriladigan ilmiy tadqiqot ishlari natijalari muntazam yoritib borilayotgani ilm-fan sohasidagi vakolatli davlat organi bilan hamohang faoliyat yuritilishidan dalolat.

– Tahririyat kengashi aʼzolarini tanlashda ularning salohiyati, oxirgi oʻn yillikdagi faolligi, shogirdlar tayyorlash tajribasi eʼtiborga olinadi, – deydi jurnal bosh muharriri Nilufar Avezova. – Shuningdek, jurnalni tayyorlashda Yevropa mamlakatlari, AQSH, Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi rivojlangan davlatlar ilmiy markazlarining yetuk mutaxassislari jalb qilinayotgani yutuqlarga erishishda muhim omil boʻldi.

Mazkur nashrning dunyo ilmiy hamjamiyati maʼlumotlar bazasida sezilarli oʻringa ega boʻlishida, avvalambor, “Geliotexnika” ilmiy jurnali bosh muharriri, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida yetuk olima Nilufar Avezovaning xizmati beqiyos. U oʻz faoliyati davomida jurnalning ilmiy ahamiyati va saviyasini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Uning rahbarligida jurnalning jahon andozalari darajasidagi veb-sayti yaratilgani nashr jamoasining yana bir yutugʻidir.

Mazkur nashr 2017-yilda Clarivate Analytics kompaniyasi tomonidan Markaziy Osiyodagi eng yaxshi ilmiy jurnal deb topildi va Web of Science Awards 2017 mukofotiga sazovor boʻldi. Jurnal kelajakda mamlakatda davlat tilidagi ilmiy nashrlarning yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va yagona ilmiy nashrlarga havolalar koʻrsatkichini tashkil qilishda olimlar uchun mustahkam poydevor boʻlib xizmat qiladi.

1 709
OʻzA