O‘zA O`zbek

05.07.2019 22:56 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistondagi ilk osmonoʻpar binoda yongʻinni oʻchirish boʻyicha zamonaviy tizim oʻrnatiladi

Oʻzbekistondagi ilk osmonoʻpar binoda yongʻinni oʻchirish boʻyicha zamonaviy tizim oʻrnatiladi

Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida «TashkentCity» xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida bunyod etilayotgan 50 qavatli binoning konsepsiyasi, dizayni va texnik xususiyatlari namoyish etilgan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Mazkur keng koʻlamli loyiha bir vaqtning oʻzida ikkita qurilish kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizdagi “Murad Buildings” kompaniyasi va Turkiyaning “Ozguven” qurilish kompaniyasi oʻrtasidagi yaqin hamkorlik yurtimiz iqlimining oʻziga xos jihatlari, qurilish sanoatining soʻnggi tendensiyalarini hisobga olgani haqiqatan ham zamonaviy va texnologik loyihani amalga oshirish imkonini berdi. Yangi binoning konsepsiyasi va dizayni taqdimoti jarayonida “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov va “Ozguven” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Orzur Ozgyuven loyihaning oʻziga xos jihatlari haqida soʻzlab berdilar va bunyod etilayotgan osmonoʻpar binoning kompyuter modelini namoyish qildilar.

– Mana ikki yildirki, mazkur loyiha ustida gʻayrat bilan ish olib boryapmiz va uni eng yaxshi qilib bunyod etishga harakat qilayapmiz, – deydi Murod Nazarov. – Biz ishonchli sherik sifatida “Ozguven” kompaniyasi bilan ishlayotganimizdan juda xursandmiz. Ushbu loyiha Toshkentning qoq markaziga munosib boʻlgan zamonaviy va nostandart meʼmorchilik yechimlarining namunasi boʻlishini istaymiz. Yangi bino mahalliy iqlim sharoitiga moslashtiriladi, shu bois, har qanday ob-havoda ham u qulay va shinam boʻladi. Ana shu maqsadda shisha sovuqni ham, issiqni ham tez oʻtkazganligi bois, loyihada shishadan eng kam darajada foydalanishga eʼtibor qaratildi.

Osmonoʻpar binoning yongʻin xavfsizligini taʼminlovchi avtonom kompleks tizim alohida eʼtiborga sazovor. Unda tezkor xabardor qilish boʻyicha eng zamonaviy tizim hamda avtomatik tarzda yongʻinni oʻchirish tizimi mujassamlashgan. Tizim yongʻinni aniqlashi bilan avtomatik tarzda yongʻin oʻchogʻida insonlar va hayvonlar uchun xavfsiz boʻlgan, texnika va uskunalarga zarar yetkazmaydigan, biroq har qanday turdagi yongʻinni oʻchiradigan maxsus koʻpikni chiqaradi.

– Loyiha koʻplab novatorlik yechimlarini oʻz ichiga olgan, – deydi “Ozguven” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Orzur Ozgyuven. – Biz Turkiya universitetlari professorlarini jalb qildik, koʻplab boshqa mutaxassislar bilan maslahatlashdik. Ular ham meʼmorchilik, ham muhandislik nuqtai nazaridan puxta izlanishlar va loyihalashtirish ishlarini olib borishga yordam berdilar. Osmonoʻpar binolar qurilishida ularning shamolga bardoshliligi muhim muammolardan biriligicha qolmoqda. Biz bu borada barcha sinovlar, tajribalar va simulyatsiyalarni oʻtkazdik. Ularda shamolning turli kuchi va yoʻnalishlari oʻrganildi.

Oʻzbekistondagi ilk osmonoʻpar bino qurilishida qoʻllanilayotgan qurilish materiallarining hajmi ham uning nechogʻlik keng koʻlamli va murakkabligidan dalolat beradi. Masalan, osmonoʻpar bino qurilishida M700 toifdagi granitdan ham mustahkam boʻlgan beton ishlatiladi.

Oʻzbekistondagi ilk osmonoʻpar binoning rasmiy nomi joriy yilning 15-avgustidan keyin eʼlon qilinadi.

Roman BONDARCHUK, OʻzA