O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda yoshlar turizmi uchun sharoit yaratilmagan

Oʻzbekistonda yoshlar turizmi uchun sharoit yaratilmagan

1909-yilning yozida olmoniyalik oʻqituvchi Richard Shirman shogirdlarini bir necha kunga togʻ yonbagʻriga sayohatga olib chiqadi. Quyuq daraxtzor, moviy koʻl, yastanib yotgan kengliklar, turfa oʻsimliklar va tabiat ajoyibotlari yosh sayyohlar koʻngliga olam-olam zavq bagʻishlaydi. Kechqurun momaqaldiroq gumburlab, yomgʻir quya boshlaydi. Yalanglikda dam olayotgan yosh sayyohlar yomgʻirdan qochib, yaqin oʻrtadagi qishloq maktabiga kiradi. Yomgʻir tuni bilan tinmaydi. Shirman shogirdlari uxlab olishi uchun qulay sharoit yaratishga harakat qiladi. U oʻshanda oʻylab topgan toʻr pardalar bilan bir-biridan ajratilgan kichik yotoqxonalar gʻoyasi keyinchalik butun dunyoga mashhur boʻlib ketadi. Shu tariqa Germaniyada yoshlar sayyohlik uyushmasi yuzaga keladi.

Uyushma tashkil etilganiga bu yil 110-yil toʻldi.

Ayni paytda Germaniyada 556 yoshlar turistik bazasi mavjud. Ular bir vaqtda 75 mingdan ziyod yosh sayyohni qabul qiladi. Yillik mehmonlar soni 4 millionni tashkil etadi. Yoshlar mehmonxonasida bir kecha tunash nonushta bilan birga 16 yevroga tushadi. Mehmonxonalar asosan tarixiy binolarda, eski qasr va qalʼalarda joylashgan boʻlib, barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Bu – xorij tajribasi. Xoʻsh, yurtimizda-chi?

Osori-atiqalarga boy diyorimiz sayyohlik salohiyati va imkoniyatlari borasida dunyoda oʻzining munosib oʻrniga ega. Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi qadimiy shaharlarimizni koʻrish, betakror meʼmoriy obidalar, tabarruk qadamjolarni ziyorat qilish, nodir tabiat goʻzalliklaridan bahramand boʻlish, azaliy anʼana va qadriyatlarimiz bilan tanishish istagidagi sayyohlar soni yildan-yilga ortmoqda. Turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va sayohatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xizmat turlarini koʻpaytirish, vizasiz rejimni joriy etishga doir meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, mehmon uylari, turizm qishloqlari barpo etilayotgani soha rivojidan dalolat. Ammo yoshlar turizmini jonlantirish boʻyicha nima ishlar qilinmoqda, degan tabiiy savol tugʻiladi.

– Oʻzbekistonda yoshlar turizmi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, deb boʻlmaydi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bosh mutaxassisi Joʻrabek Abdurahmonov. – Yurtimizga kelayotgan sayyohlar orasida yoshlar juda ozchilikni tashkil etayotgani zarur infratuzilma yaratilmaganini koʻrsatadi. Xorijdagi yoshlar Oʻzbekiston haqida koʻp narsa bilmaydi. Shu bois qoʻmitamiz yoshlar turizmi strategiyasini ishlab chiqmoqda. Toʻgʻri, Yoshlar ittifoqi qoshida Yoshlar turizmi agentligi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan va imtiyozlar berilgan. Ammo ularning faoliyati unchalik koʻzga tashlanmayapti.

Yoshlar turizmi agentligi maʼlumotiga koʻra, 2018-yil va 2019-yilning yanvar-aprel oylarida jami 2 million 882 ming 823 yosh sayohatga chiqqan. Shundan 2 million 178 ming 405 nafari viloyatlararo, 704 ming 418 nafari tumanlararo sayohat qilgan. Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, kam taʼminlangan va boquvchisini yoʻqotgan oilalar farzandlari hamda yoshlarning faol qatlamlaridan iborat jami 1 ming 785 yosh uchun bepul sayohat tashkillashtirilgan. Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan koʻprogʻini yoshlar tashkil etishini inobatga oladigan boʻlsak, qamrov u qadar katta emas.

– Agentlik nafaqat ichki turizm¬ni ommalashtirish, balki mamlakatimizga chet ellik sayyohlarni jalb etishga ham katta eʼtibor qaratmoqda, – deydi Yoshlar turizmi agentligi direktori Kamola Ismoilova. – Masalan, oʻtgan yili Indoneziyaning “RD Tours” sayyohlik kompaniyasi vakillari bilan olib borilgan muzokaralar chogʻida Indoneziya fuqarolarining yurtimizga, shuningdek, Oʻzbekiston yoshlarining Indoneziyaga sayohatini tashkil etish borasida kelishilgandi. Kelishuvga muvofiq, joriy yilda Indoneziyadan keladigan 29 ming mehmonni kutib olishga hozirlik koʻrayapmiz. Turkiya, Indoneziya, Malayziya va Janubiy Koreyaning mamlakatimizdagi elchixonalari koʻmagida 26 turkompaniya va agentlik bilan shartnomalar imzolandi. Yaponiya va Germaniyadagi turizm sohasi vakillari bilan istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Turizm sohasida innovatsiyalarni joriy etish, taʼlim xizmatlarini takomillashtirish, sayohatlarning arzon tushishini taʼminlash, turizmning zamonaviy turlarini rivojlantirish boʻyicha yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasida kamchiliklar koʻzga tashlanadi. Masalan, Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Samarqand, Buxoro, Shahrisabz, Margʻilon va Toshkent shaharlarida ham Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining Yoshlar mehmonxonalari qurilishi koʻzda tutilgan edi. Hozircha bunday mehmonxona faqat Xiva shahrida foydalanishga topshirildi.

– 2017-yildan boshlab yoshlar turizmini rivojlantirish uchun juda katta imtiyozlar berila boshladi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov. – Bu yoʻnalishdagi turizmni rivojlantirishda talabalar yotoqxonasiga alohida eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Oxirgi ikki oy mobaynida oʻrganish ishlarini olib bordik: yotoqxonalar yozgi mavsumda boʻm-boʻsh turar ekan. U yerdagi sharoitlar qoniqarli darajada. Nima uchun yozgi mavsumda ulardan samarali foydalanilmaydi, degan savolga oʻzim ham javob topa olmadim... Maktab, kollej, litsey va oliy oʻquv yurtlarida yoshlar turizmini targʻib qilish boʻyicha tubdan yangilangan dasturlar ishlab chiqayapmiz. Bu borada Yoshlar ittifoqi bilan tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyishimiz kerak.

Shunday yoshlar borki, yozda ham ishlab, ham sayohat qilishni xohlaydi. Ularning talabini qondira oladigan tizim ishlab chiqilmagan. Deylik, Qarshi davlat universiteti talabasi yozgi mavsumda poytaxtga kelib ishlash, talabalar turar joyida vaqtinchalik yashashni istaydi. Yoki toshkentlik talaba Xorazm anʼanasini oʻrganish uchun vohaga borgisi keladi. Ammo u biror imtiyozdan foydalana olmaydi.

Yoshlar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam. Shu bois, xorijda yosh sayyohlar uchun huquqiy baza yaratilgan, ularning manfaatlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Masalan, ekologik turizm rivojlangan aksariyat mamlakatlarda kasaba uyushmasi tomonidan togʻli hududlarda yoshlar turbazalari barpo etilgan. Bu yerga dunyoning turli burchagidan yosh sayyohlar keladi. Latviyada “Yosh sayohatchilar klubi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Nomdor mehmonxonalar ularga imtiyozli xizmat koʻrsatadi. Masalan, bir oyda bir marta 50 yosh turistni bepul joy bilan taʼminlaydi. Yoshlar klubi esa doimiy hamkor sifatida joylarda bu mehmonxona targʻibotini olib boradi. Nega bu amaliyotni bizda qoʻllash mumkin emas? Tadbirkorlar reklamaga yoʻnaltirilgan mablagʻlari hisobiga yoshlar uchun shunday imtiyoz yaratsa, shuning oʻzi samarali vazifani oʻtaydi.

– Yoshlar turizmi bilan soha tadbirkorlari, turistik firmalar deyarli shugʻullanmaydi, – deydi “Yasmina tour” sayyohlik firmasi rahbari Saidahmad Raufboyev. – Ehtimol, Yoshlar turizmi agentligi koʻp xayrli ishlarni amalga oshirayotgandir. Ammo har bir ishni oʻzining ustasi qilishi kerak. Firmamiz 25 yildan buyon xorijiy tashkilotlar, fondlar bilan hamkorlik qilmoqda. Bir necha marta chet el oliy oʻquv yurtlari talabalarining Oʻzbekistonga sayohatini uyushtirib berdik. Yurtimizda esa tashkilotlardan biror taklif boʻlmadi. Dunyoning yirik universitetlarida shu bilim yurtini 100-yil oldin bitirgan talaba haqida ham maʼlumotlar boʻladi. Bizda esa “Siz Oʻzbekiston Milliy universitetini 30 yil oldin bitirgan ekansiz, bizga hamkor sifatida yordam bering” degan taklifni eshitmaganman. Agar shunday taklif boʻlsa, men bajonidil hamkorlik va homiylik qilgan boʻlardim.

Darvoqe, soha rivojiga toʻsqinlik qilayotgan muammolardan biri temir yoʻl, aviachiptalar narxining qimmatligidir. Oqibatda sayohatga otlangan yoshlar xususiy transport vositalarini tanlaydi. Xavfsizlik masalasi mavhum, xizmat koʻrsatish sifati esa haminqadar...

Dunyo yoshlari har qanday maʼlumotni, jumladan, sayyohlik turlari, bormoqchi boʻlgan mamlakatidagi shart-sharoit, eng arzon mehmonxona, temir yoʻl va aviachiptalarga chegirmalarni internet orqali izlaydi. Oʻzbekiston yoshlar turizmi haqida esa internetda deyarli maʼlumot yoʻq.

Joriy yilda poytaxtimizning Sayilgoh koʻchasida oʻtkazilgan birinchi muzqaymoq, “Gastro Bazaar” xalqaro gastronomik festivali va uning doirasida tashkil etilgan turizm va mehmondoʻstlik sohasi boʻyicha mahorat darslarida yurtimiz yoshlari bilan bir qatorda koʻplab xorijlik mehmonlar ham ishtirok etdi. Shu yilning 22-27-avgust kunlari yurtimizga dunyoning mashhur 70 blogeri keldi. Ular tarixiy shaharlar, nodir tabiat, xalqimizning oʻziga xosligi, urf-odat va qadriyatlarimiz, betakror madaniyatimizga oshno boʻldi. Shukuhli bayramlar, koʻngilochar tadbirlar, musiqa festivallari mehmonlarda yorqin taassurot qoldirgani shubhasiz. Bu ham sayyohlik imkoniyatlarimizni yana bir bor dunyoga namoyish etdi.

Prezidentimizning 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Yoshlar ittifoqi, Xalq taʼlimi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari birgalikdagi faoliyati navqiron avlod vakillarining sayohat madaniyatini oshirishi, yurtimizda yoshlar turizmi taraqqiy etishiga turtki boʻlishi lozim. Zero, oʻtmish bilan faxrlanib, kelajak sari shijoat bilan dadil odimlashda turizmning ham oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.

Risolat MADIYEVA,
jurnalist

1 516
OʻzA