O‘zA O`zbek

16.04.2018 13:19 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda yollanma ishchilarning daromadlari o‘sdi

O‘zbekistonda yollanma ishchilarning daromadlari o‘sdi
2018 yilning yanvar-mart oylarida yollanma ishchilarning daromadlari 18,3 foizga oshdi. Bu haqida Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlar sezilarli ulushni tashkil etadi. 2018 yilning yanvar-mart oylari dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning umumiy daromadlar tarkibidagi ulushi 59,6 foizni hamda nominal o‘sish sur’ati 2017 yilning mos davriga nisbatan 117,1 foizni tashkil etdi. Mehnat faoliyatidan olingan daromadlarning aholi umumiy daromadlari tarkibidagi bunday ulushi va o‘sish sur’ati aholi umumiy daromadlarining 11,6 foizga o‘sishini ta’minladi.

O‘z navbatida, mehnat faoliyatidan olingan daromadlar, yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlardan shakllanadi. 2018 yilning yanvar-mart oylarida yollanma ishchilarning daromadlari 18,3 foizga oshdi va aholi umumiy daromadlaridagi ulushi 37,0 foizni tashkil etdi.

Yollanma ishchilar daromadlarining eng yuqori nominal o‘sishi Toshkent shahri (123,0 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (121,9 foiz), shuningdek, Andijon (121,7 foiz), Xorazm (120,8 foiz), Navoiy (120,3 foiz) va Jizzax (120,2 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

O‘zA
4 930