O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 09:53 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda yanvar-avgust oylari davomida inflyatsiya darajasi 6,2 foizni tashkil qildi

Oʻzbekistonda yanvar-avgust oylari davomida inflyatsiya darajasi 6,2 foizni tashkil qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi 2018-yilning avgust oyi uchun Respublika isteʼmol sektoridagi inflyatsiya darajasini maʼlum qildi.

2018-yilning avgust oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi oʻrtacha 0,3 foizga oshdi (yanvar oyida inflyatsiya 2,7 foiz, fevralda 1,1 foiz, mart oyida 1,1 foiz, aprelda 0,9 foiz, may oyida 0,8 foiz, iyun va iyul oylarida deflyatsiya 0,4 foiz va 0,3 foiz).

Joriy yilning yanvar-avgust oylari davomida inflyatsiya darajasi 6,2 foizni tashkil qildi.

Yanvar-avgust oylarida isteʼmol narxlari indeksi (INI) dinamikasi
(oʻtgan oyga nisbatan, foiz)

01.JPG

Isteʼmol bozoridagi narxlar yanvar oyida sezilarli darajada qimmatlashdi (2,7 %). Iyun va iyul oylari davomida ichki isteʼmol bozorlarining qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan toʻyinishi natijasida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari darajasi hamda umumiy inflyatsiya darajasining pasayishiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi.

Kuzatuv natijalariga koʻra, oy davomida tovarlar narxi oʻrtacha 0,3 foiz va xizmatlar 0,4 foiz qimmatlashganini joriy yilning avgust oyidagi narxlar tendensiyasini “tovar va xizmatlar narxlarining bir maromda oʻsishi”, deya tavsiflashimiz mumkin. Yillik inflyatsiya tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki (oʻtgan yilning mos oyiga nisbatan), mamlakat iqtisodiyotiga nisbatan inflyatsiya bosimining eng yuqori darajasi joriy yilning yanvar oyi (20,1 foiz) hissasiga toʻgʻri keladi va keyingi oylardan boshlab ushbu tendensiya aksincha, yaʼni, pasayish tomon harakatlanganini koʻrishimiz mumkin.

Inflyatsiya darajasi dinamikasi (INI boʻyicha)
(oʻtgan yilning mos oyiga nisbatan, oʻsish %)

02.JPG
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida infilatsion trendlarda taʼsir koʻrsatgan asosiy omillar orasida quyidagilarni alohida qayd etish mumkin:

  • mavsumiylik hamda iqlim sharoitlari taʼsirida meva va sabzavot guruhi mahsulotlari, shuningdek, sutli mahsulotlar, tuxum hamda parranda goʻshti narxlarining oʻzgarishi;

  • import mahsulotlari bilan ichki bozorlarning toʻyinganligi (masalan, shakar va oʻsimlik moyi);

  • yem-xashak (chorva ozuqalari) narxlarining koʻtarilishi natijasida chorva mollarining qimmatlashishi, shuningdek, aholi tomonidan mol goʻshti mahsulotlariga boʻlgan talabning ortishi;

  • guruch narxlarining qimmatlashishi isteʼmol bozoridagi ushbu mahsulot hajmining kamayishi hamda ishlab chiqaruvchilar va sotuvchi tadbirkorlar tomonidan mavsumiy qurgʻoqchilik, shuningdek, sholi ekin maydonlarining qisqartirilishi oqibatida kutilayotgan tahminlar;

  • milliy valyuta qiymatining mustahkamlanishi hamda bir qancha tashqi savdo omillari natijasida import qilinuvchi mahsulotlar va ayrim turdagi xizmatlar narxlari, shuningdek, inflyatsiya darajasining oshib ketmasligiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatganligi (havo transporti xizmatlari shular jumlasidandir);

  • qurilish materiallari narxlarining qimmatlashishi ishlab chiqaruvchi mahalliy tadbirkorlar oʻz mahsulotlari narxlarini oshirishlari natijasida vujudga keldi va bu oʻz navbatida, iqtisodiyotga nisbatan inflyatsiya bosimining ortishi bilan bir qatorda uning oʻsishiga 0,8 foiz (yoki, oʻtgan 8 oy davomida inflyatsiyadagi umumiy ulushi miqdori 12,9 foiz) darajada taʼsiri;

  • ishlab chiqaruvchilar xarajatlarining oshishi natijasida maʼmuriy jihatdan tartibga solinuvchi kommunal sohasidagi xizmatlar narxlari qimmatlashdi. Bu, oʻz navbatida, mamlakatdagi inflyatsiya darajasiga bevosita va bilvosita taʼsir etdi (umumiy inflyatsiya darajasidagi taʼsir ulushi 0,8 foiz);

  • yoqilgʻi-moylash mahsulotlari bozorida shakllanayotgan holatlar natijasida aholiga avtomobillarga gaz toʻldirish shahobchalari orqali sotiluvchi metan va propan narxining sezilarli darajada qimmatlashishi umumiy inflyatsiya darajasining 0,4 foiz koʻtarilishiga sabab boʻldi;

  • eng kam oylik ish haqi (EKOIH) miqdorining oshirilishi ham umumiy inflyatsiya darajasiga oʻz hissasini qoʻshishi bilan bir qatorda, uning inflyatsiyaga bevosita (EKOIH miqdoriga bogʻliq boʻlgan xizmatlar: huquqiy tusdagi, alohida turdagi bank xizmatlari, veterinariya xizmatlari va h.k.) hamda bilvosita (isteʼmol talablarini ragʻbatlantirish va iqtisodiyotga qoʻshimcha pul mablagʻlarini jalb qilish) yoʻllari orqali taʼsir etishi;

  • “GM Uzbekistan” AJ korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarning chakana sotish narxlarini oʻrtacha 7,7 foizga oshirilishi respublikaning umumiy inflyatsiya darajasiga 0,05 foiz miqdoridagi taʼsiri;

  • spirtli ichimliklar hamda tamaki mahsulotlari aktsiz soliqlarining 2018-yilning 1-yanvaridan oshirilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yilning 5-mart kunidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3583-son Qaroriga asosan 2018-yilning 1-iyunidan boshlab pivo va aroq mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish maqsadlariga yoʻnaltirilgan qoʻshimcha toʻlovlarning joriy qilinishi natijasida spirtli ichimliklar 12,5 foizga va tamaki mahsulotlari narxi oʻrtacha 15,2 foizga qimmatlashdi (inflyatsiyaga taʼsiri 0,2 f.d.).

OʻzA