O‘zA O`zbek

10.09.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda yangi avlod paxta terish mashinasi –transformer ishlab chiqarilmoqda

Oʻzbekistonda yangi avlod paxta terish mashinasi –transformer ishlab chiqarilmoqda

Qaror va ijro

Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi AQSHning “CNHI” kompaniyasi bilan birgalikda TZST CE-220 paxta terish mashinasi – transformer ishlab chiqarishni oʻzlashtirdi.

Ahamiyatli jihati, ushbu yangi avlod paxta terish mashinasi bir qator afzalliklarga ega. Uning oldingi avlodlari faqat paxta terimi mavsumida ishlatilgan boʻlsa, yangi “TZST CE-220” paxta terish mashinasidan yil davomida, deylik, chigitni qadashdan tortib hosilni yiqqunga qadar dala ishlarida unumli foydalanish mumkin.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi, xususan, paxta terimi mavsumi uchun muhim yangilik boʻlgan ushbu yangi avlod mashinasining ishlab chiqarilishi bilan yaqindan tanishish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodiga press-tur tashkil etildi.

Avvalo, shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan “Oʻzagrosanoatxolding” AJning qator xoʻjalik subyektlari ulushlari “Oʻzavtosanoat” AJning ishonchli boshqaruviga berilgan. “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati ham shunday subyektlardan biri sifatida aksiyalari 100 foiz “Oʻzavtosanoat” AJ ixtiyoriga topshirilgan.

photo_2020-09-10_20-39-48.jpg

Bugungi kunda zavoddagi yangilik va ishlab chiqarish boʻyicha yangicha yondashuv ham ushbu islohotlar bilan bogʻliqdir.

Xoʻsh, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori ijrosi doirasida zavodda qanday ishlar qilindi? Oʻzlashtirilgan yangi avlod paxta terish mashinasi qishloq xoʻjaligi uchun nechogʻlik muhim?

Birinchidan, zavod faoliyatida samaradorlikka erishish choralari koʻrildi. Xususan, “Oʻzavtosanoat” tomonidan zavoddagi ishlab chiqarish va korporativ boshqaruvni optimizatsiyalash boʻyicha qator strategiya va dasturlar ishlab chiqildi.

Ikkinchidan, mazkur rejalarni amaliyotga tatbiq etish uchun korxonaga avtomobilsozlik tarmogʻidan 200 nafar mutaxassis jalb etildi. Unda faoliyatning har jihatdan zamonaviy axborot tizimlari, boshqaruv, hisob-kitob va sifat nazorati tizimlari joriy qilindi. Bu kabi yangiliklar sabab oʻtgan ikki oyda ishlab chiqarish hajmi kuniga 5 dona texnikadan 40 tagacha oshirildi. Amalga oshirilayotgan takomillashtirish ishlari natijasida yil oxirida ishlab chiqarish quvvatini 80 foizga yetkazish koʻzda tutilgan.

photo_2020-09-10_20-39-44.jpg

Press-tur ishtirokchilari zavodning bosh texnologi Murod Ergashev hamrohligida yangi paxta terish mashinasining ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Undagi tayyorlov sexida metallni kesish nemis texnologiyasi asosida amalga oshiriladi. Kesilgan metallar payvandlanib, soʻngra boʻyaladi va yigʻuv sexiga oʻtkaziladi. Shu tarzda yangi avlod paxta terish mashinasi ishlab chiqariladi.

Eʼtiborli jihati, bu yerda ish qizgʻin kechmoqda. Ishchilarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Zavodning keng pavilyonlarida ish jarayoni bilan tanishar ekanmiz, ishchi-xizmatchilar mehnatiga havas bilan boqdik.

– Yangi avlod mashinasidan toʻrt mavsumda foydalanish imkoniyati yaratilgan, – dedi bosh texnolog Murod Ergashev. – Avvalgi paxta terish mashinalarini faqat bir mavsumda ishlatganmiz. Yangi avlod mashinasiga terim paytida bunker oʻrnatiladi, mavsum yakunlangandan soʻng bunker yechilib, universal haydov traktori sifatida ishlatiladi. Mashina kuniga oʻrtacha 20 tonnagacha paxta teradi. Agrofon yaxshi tayyorlangan boʻlsa, undan ham koʻp terishi mumkin. Bunker hajmi 1 ming 200 kilogramm. Ushbu paxta terish mashinasi 400 terimchining oʻrnini bosa olishi bilan yana-da ahamiyatlidir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qishloq xoʻjaligida amalga oshirilayotgan islohotlar sohani takomillashtirish va yangi texnologiyalarni tatbiq etishga qaratilgan. Qishloq xoʻjaligi tarmogʻining paxta terish texnikasiga talabi yuqori ekanini inobatga olib, ayni loyihaning amalga oshirilishi yurtimiz iqtisodiy oʻsishini taʼminlash, qolaversa, mavsumda qoʻl mehnatidan foydalanishga barham berish choralari bilan bogʻliqdir.

photo_2020-09-10_20-39-27.jpg

– Zavodimiz nafaqat respublikada, balki Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi yagona korxona hisoblanadi, – dedi Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi Investitsiya va mahalliylashtirish boshqarmasi boshligʻi Mirzaali Sheraliyev.

– Yangi loyiha “CNHI RND” konstruktorlik-texnologik markazi bilan hamkorlikda “New Holland TD5.110” modelidagi traktorlar yangi avlodi bazasida amalga oshirildi. 2018-yilda bu mashinaning toʻliq litsenziyasini sotib olganmiz. Yaʼni, brendni oʻzimizda oʻzlashtirdik. Bugun esa oʻz brendimiz ostida paxta terish mashinasini ishlab chiqarishga kirishdik.

Oʻtgan yili shu rusumda 50 ta texnikani tajriba tariqasida chiqargan edik. Sinov yaxshi natija berdi. Bu yil davlatimiz rahbari tomonidan bizga katta masʼuliyat yuklandi. Joriy mavsumda 500 ta ana shunday mashina ishlab chiqariladi. Hozirgacha 100 tadan oshigʻi fermerlarga yetkazib berilgan. Bugungi kunda mahalliylashtirishni 20 foiz oshirishga erishdik.

Yangi avlod texnikasida 4 mingdan ziyod detal boʻlsa, shundan 2 mingdan ortigʻi oʻzlashtirildi. Hozircha dvigatel, paxta terish apparati chetdan keltirilyapti. Paxta terish apparatini oʻzlashtirish boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda.

photo_2020-09-10_20-39-40.jpg


6 276
Nasiba ZIYODULLAYEVA, Aʼlo ABDULLAYEV (surat), OʻzA