O‘zA O`zbek

12.07.2019 11:37 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda Xitoyning Dunxua universiteti filiali tashkil etilishi mumkin

O‘zbekistonda Xitoyning Dunxua universiteti filiali tashkil etilishi mumkin

“Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxanov XXRga tashrifi doirasida Shanxay shahrida vatandoshlar bilan uchrashdi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati ma’lum qildi.

Harakatning asosiy vazifalaridan biri O‘zbekiston taraqqiyotiga befarq bo‘lmagan barcha fuqarolar, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, biznes hamjamiyati, akademik doira vakillarini amalga oshirilayotgan islohotlar atrofida birlashtirish hisoblanadi.

Shu munosabat bilan, xorijdagi vatandoshlarni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida xabardor qilish, ular bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda ularga kerakli ko‘mak berish va qo‘llab-quvvatlash, sa’y-harakatlarni mamlakat rivojiga yo‘naltirish muhim hisoblanadi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida Akmal Burxanov “Yuksalish” umummilliy harakatining faoliyat yo‘nalishlari, amalga oshirayotgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Tashkilot XXRning Shanxay universiteti va “aql markazlari” bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganligi ta’kidlandi.

O‘z navbatida, vatandoshlar tomonidan Shanxayda O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish hamda yurtimizda Dunxua (Donghua University) universiteti filialini ochish takliflari berildi. Mazkur OTM Xitoy ma’rifat vazirligi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy davlat universitetlardan biri hisoblanadi. Uning asosiy yo‘nalishlari – to‘qimachilik sanoati, moda va dizayn, xalqaro savdo, axborot texnologiyalari va amaliy fanlar. Universitetda faoliyat olib borayotgan vatandosh–doktorantlar O‘zbekistonda ushbu universitet filialini ochishga o‘z hissalarini qo‘shishga tayyorliklarini bildirdilar.

Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan O‘zbekistonning XXRda iqtisodiy, turistik salohiyatini hamda imijini oshirishga qaratilgan bir qator g‘oyalar ham ilgari surildi.

O‘zA
510