O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

12.09.2018 09:38 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi tashkil etildi

Oʻzbekistonda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi tashkil etildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentyabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tadbirkorlar bilan ishlash uchun Respublika komissiyasi tashkil etildi.

Qarorga muvofiq hududlarda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish komissiyasi hamda Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha hududiy guruhlar tashkil etildi.

Hududiy guruhlar tarkibiga kirgan shaxslar asosiy ish joyi boʻyicha majburiyatlarini bajarishdan ozod qilinadi hamda doimiy ravishda oʻzlariga biriktirilgan hududda boʻladi.

Komissiya va hududiy guruhlarning soʻrovlari, koʻrsatmalari barcha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan soʻzsiz ijro etilishi majburiy hisoblanadi.

Komissiya 10 kunda kamida bir marta joylardagi hal qilinmagan muammoli masalalarni koʻrib chiqish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga, tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan mavjud byurokratik toʻsiq va gʻovlarni bartaraf etadi, tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar, shu jumladan, manzilli topshiriqlar nazarda tutilgan qarorlar ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshiradi.

Qarorga muvofiq:

hududiy guruhlar moliyalashtirish manbalarini aniqlagan holda, davlat tashkilotlari zimmasiga tegishli hududda salohiyatli loyihalar boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha tashkilotlarini jalb etish yuzasidan majburiyatlarni yuklash huquqiga ega;

auksion savdolariga qoʻyiladigan davlat mulki obyektlari tadbirkorlarning aniq majburiyatlarini belgilagan holda savdoga qoʻyiladi;
boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalaridan foydalangan holda amalga oshirish uchun tavsiya etilayotgan salohiyatli loyihalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida, hokimliklarning veb-saytlarida va Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi, shuningdek, televideniyeda eʼlon qilinadi;

tadbirkorlar salohiyatli loyihalarni tanlashda tegishli hujjatlarni keyinchalik hududiy guruhning ishchi organiga yuborish uchun Davlat xizmatlari markazlariga yoki bevosita hududiy guruhning ishchi organiga murojaat qilishi mumkin;

hududiy guruhlar boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarining ularda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha majburiyatlarni koʻrsatgan holda elektron auksion savdolarigaqoʻyilishini taʼminlaydi;

ushbu talablariga muvofiq oʻtkaziladigan elektron auksionni oʻtkazishning umumiy muddati, istisno tariqasida, “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida amalga oshiriladigan barcha tartib-taomillar bilan birga 10 kundan oshmaydi;

boʻsh turgan davlat mulki obyektlari yoki yer uchastkalari auksion gʻolibiga bir yilgacha muddatda oldindan zaxiraga olish shartlarida (loyihaning murakkabligidan kelib chiqib, muddatini uzaytirish imkoniyati bilan) keyinchalik investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan shartlar bajarilganidan soʻng egalik va foydalanish huquqini rasmiylashtirgan holda beriladi. Investor tomonidan investitsiya shartnomasida koʻrsatilgan majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, zaxiraga olish investorning xarajatlari qoplanmagan holda bekor qilinadi.

Adliya vazirligiga Davlat xizmatlari markazlarida boʻsh turgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalari negizida kelib tushayotgan tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini hisobga olish ularni koʻrib chiqish jarayonini monitoring qilishga imkon beradigan elektron tizimni joriy etish vazifasi yuklandi.

OʻzA