O‘zA O`zbek

10.08.2018 08:15 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda shaxmat yanada rivojlanadi

O‘zbekistonda shaxmat yanada rivojlanadi
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 9-avgustda “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi.

Mazkur hujjat yuqori malakali murabbiy kadrlarni jalb qilgan holda iqtidorli yosh shaxmatchilarni tayyorlash, shaxmat bo‘yicha milliy terma jamoaning amaldagi a’zolari bilan doimiy aloqani ta’minlash, shuningdek, shaxmatni insonning aql vatafakkur jarayonini rivojlantiruvchi sport turi sifatidayanada ommalashtirish maqsadida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir. 


Shaxmat – ko‘hna iborada shatranj xalqimizga begona emas. U necha ming yildirki, millat ongu shuuriga, ijtimoiy hayot qatlariga singib ketgan. Eramiz boshlarida Kushonlar saltanati davrlaridayoq hozirgi O‘zbekiston hududida ommalashgan shaxmatni hayotni aks ettiruvchi falsafa ham deyishadi va bunda haqiqat bor.

Manbalarda qayd etilishicha, shatranjni jonu dilidan sevgan, davlatni boshqarishni – shaxmatdagi donalar harakatiga mengzagan buyuk bobomiz Amir Temur har doim qora donalarda o‘ynagan ekan. To‘g‘ri, oq donalar mudom tashabbus va imtiyozga ega, o‘yinni birinchi bo‘lib boshlaydi. Ulug‘ sarkarda bobomiz “Agarda qora donalar orqali mustahkam mudofaa yo‘lga qo‘yilsa, “oq”larning har qanday hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”, deb hisoblagan ekan.

Prezidentimizning mazkur qarori mohiyatini tushuntirishda bu gaplar qanday o‘rin tutishini esa hozir izohlaymiz.

Darhaqiqat, biz shaxmat olamida yetakchi mavqega ega xalqlardan birimiz. Tabiiyki, o‘zbekning qonida oqayotgan bu zakovatli salohiyat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgan emas. Uning ildizi keng, shahobi katta, ming yillarga borib taqalishi ham tasodif emas. 1996 yilda Dalvarzintepadan topilgan, yigirma asrlik qimmatga ega shaxmat donalari fikrimizni isbotlaydi. Aslida bugungi natijalarimiz ham har bir millatga nasib etavermaydi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 1 nafar xalqaro grossmeyster, 1 ta xalqaro usta, 1 nafar FIDЕ ustasi, 4 nafar jahon chempioni, 2 nafar Osiyo chempioni bor. Shaxmatchilarimiz 2018-yilning o‘zida, ya’ni 1-avgustga qadar48 ta oltin, 39 ta kumush hamda 25 ta bronza, jami 112 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Yana bir jihat ahamiyatliki, raqamlar yildan-yilga oshsa oshmoqdaki, kamaygani yo‘q. Yoshlarimiz zukko...

O‘zbekistonda shaxmat bazasi ham mustahkam. Shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi hamda uning Respublikadagi 11 ta filiali, shuningdek, 13 ta nodavlat shaxmat klubi va muassasalari bor. Prezident tomonidan imzolangan hujjat hozir aytilgan resurslar o‘rtasidagi muvozanatni muvofiqlashtiradi.

Prezident qarorida belgilangan, soha bo‘yicha amalga oshiriladigan aniq yangiliklarni sanaydigan bo‘lsak, ulardan biri – Respublikaning har bir viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri tumanlaridagi 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida majburiy maktab dasturlari doirasida tajriba tariqasida shaxmat darslari kiritilishidir. O‘qitish tashkil etiladigan maktablar ro‘yxati Qaror ilovasida ko‘rsatib berilgan.

Qarorda, shuningdek, shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tassarufiga berish chorasi ham belgilangan.

Kiritilayotgan yangiliklardan yana biri shuki, 2018-yil 1-sentyabrdan boshlab, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha shaxmat klublari hamda shaxmatni o‘qitish va shaxmatchilar tayyorlashni amalga oshiruvchi boshqa sport muassasalari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan kelishilgan holda majburiy akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Bundan tashqari, har chorakda shaxmat klublari – o‘zlarining faoliyatlari haqida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga hisobotlar taqdim qiladi. Bir oy muddatda esa barcha shaxmat klublari pasportlashtirishdan o‘tkaziladi.

Darvoqe, Qarorda yana bir jihat alohida qayd etildi, shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi faoliyatini – to‘liq o‘zini o‘zi moliyalashtirish asosida olib boradi hamda xo‘jalik va moliyaviy faoliyat masalalarini mustaqil ravishda hal qiladi. Chunki kelajagini o‘ylagan va farzandi har tomonlama komil va zehnli bo‘lishini istab, shunday zamonaviy maktabda o‘qitishni xohlovchi ota-onalar bisyor.

Umuman, bu sohadagi bari joy-joyiga qo‘yilmoqda, choralar badastir tarzda belgilanmoqda. Shu o‘rinda yana bir gap, shaxmatni ommalashtirishda ommaviy axborot vositalarining ham o‘rni katta.

Shaxmatni – hayot falsafasi, dedik. Hazrat Navoiydan tortib, davrimizning daho shoirlari ham shundoq demishlar. Betakror shoirimiz Erkin Vohidovning tabassumga qorishiq mana bu satrlari odamni o‘ylantiradi:

Agar shaxmat o‘ynaganimda
O‘ylagandek o‘ylaganimda,
Yetti o‘lchab bir sursaydim ot,
Bo‘lmas edim har qadamda mot.

Darvoqe, sharhni Sohibqiron bobomizdan boshlagandik. Tarixning guvohlik berishicha, bir kuni Amir Temur o‘zi yaratgan 112 katakli shaxmat taxtasida mulozimlari bilan dona surib o‘tirganida, choparlar unga ikkita quvonchli xabar keltirishadi. Birinchi xabar, u o‘g‘il farzand ko‘rgani, ikkinchisi esa – uning amri bilan Sayxun bo‘yida barpo qildirilayotgan shahar bitgani haqida edi. Sarkarda bu ikki xushxabarni shaxmatda raqibiga endigina rux bilan shoh bergan payti eshitgani uchun o‘g‘liga Shohrux, shaharga esa Shohruxiya deb nom bergan ekan.

Muxtasar aytganda, Prezident qarori bilan tashkil etiladigan shaxmat maktablarida tahsil olgan minglab o‘g‘il-qizlarimiz ajdodlarga munosib voris bo‘lishi shubhasiz.

O‘zA
4 035