O‘zA O`zbek

14.02.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda robototexnika tanlovi oʻtkaziladi

Oʻzbekistonda robototexnika tanlovi oʻtkaziladi

Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkining (IT Park) IT-markazi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi koʻmagida “Revochain Technology” MCHJ bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ilk bor maktab oʻquvchilari oʻrtasida “RoboTech” tanlovini oʻtkazadi.

“RoboTech” tanlovi ijodiy faollikni oshirish, robototexnika sohasida muhandislik mutaxassisliklarini ommalashtirishga qaratilgan boʻlib, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlashga yordam beradi.

Tashkilotchilarning rejasiga koʻra, tanlov tuman, shahar va viloyat saralash bosqichlaridan tashkil topadi. Ularda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar finalga chiqadi va oʻz nominatsiyalarida gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Saralash bosqichi gʻoliblari Intro tanlov doirasida aniqlanadi, unda ular oʻz robotlarining imkoniyatlari va afzalliklarini koʻrsatishi kerak. Ishtirokchilar oʻz roboti xaqida soʻzlab beradi va uning imkoniyatlarini namoyish etadi, hayʼat aʼzolarining savollariga javob beradi. Bundan tashqari, ular maxsus “X” topshiriqni bajarishi kerak, uning doirasida oʻz robotlari uchun dastur yozishi va avvaldan uning dasturiy taʼminotida koʻzda tutilmagan funksiyalarni bajarish buyrugʻini berishi zarur boʻladi.

2020-yilning iyun oyida boʻlib oʻtadigan tanlovning final bosqichida viloyat saralash bosqichlarining 14 eng yaxshi jamoasi ishtirok etadi. Ular shu kabi tanlovlar uchun anʼanaviy hisoblangan uchta yoʻnalishning bittasi boʻyicha bahslashadi.

Taʼkidlash joizki, tanlovda ishtirok etish bepul. Shu sababli “RoboTech”da 8-sinfdan 11-sinfgacha boʻlgan maktab oʻquvchilari ishtirok etishi mumkin. Buning uchun 2020-yil 29-fevralgacha http://bit.ly/robofest_uzb manzili boʻyicha elektron anketani toʻldirish kifoya.

Tanlovning final bosqichi Muhammad al-Xorazmiy nomli ixtisoslashtirilgan maktabda boʻlib oʻtadi.

18 736
Roman BONDARCHUK, OʻzA