O‘zA O`zbek

31.08.2018 17:38 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda rekord koʻrsatkich

Oʻzbekistonda rekord koʻrsatkich XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari dasturidan oʻrin olgan sambo musobaqalari ham yakuniga yetdi. Quvonarlisi, ushbu sport turida ham vakillarimiz oʻzlarining nimalarga qodirligini namoyish etishdi va terma jamoamiz hisobiga navbatdagi medallarni qoʻshib qoʻyishdi.

Jumladan, ayollar orasida 48 kilogacha boʻlgan vazn toifasida terma jamoamiz aʼzosi Nodira Gulova bronza medalini qoʻlga kiritdi. Qizigʻi, unga bu yoʻlda yana bir hamyurtimiz Madina Turgʻunboyeva raqib boʻldi. Murosasiz kechgan bahsda Nodira 3-0 hisobida gʻalabaga erishdi.

Erkaklar oʻrtasida 52 kilogacha boʻlgan vazn toifasida bir yoʻla ikki nafar vakilimiz bronza medali uchun kurash olib borishdi. Biroq, Islom Ahmadjonov qozogʻistonlik Baimbet Kanzanovga yutqazib qoʻygan boʻlsa, boshqa bir vakilimiz Ahmad Rahmatillayev Eron terma jamoasi aʼzosi Jomiy Hasaniydan ustun keldi.

Shu tariqa Oʻzbekiston sport delegatsiyasi hisobidagi jami medallar soni 57taga yetdi. Bu bilan mamlakatimiz sport delegatsiyasi jami medallar soni boʻyicha Osiyo oʻyinlaridagi rekordini yangiladi. Shu kungacha atletlarimiz 2002 yili Pusan(Janubiy Koreya)da boʻlib oʻtgan Osiyo olimpiadasida 56ta medalga ega chiqishgandi. Oʻsha yili vatanimiz sportchilari 15ta oltin medalni qoʻlga kiritib, bu borada ham rekord qayd etishgandi. Indoneziyadagi musobaqada terma jamoamiz aʼzolari son borasida oʻz rekordini yangilashdi. Endi ertaga boks musobaqalarida vakillarimiz hech boʻlmaganda bitta oltin medalga sazovor boʻlishsa, sifat borasidagi rekordimiz ham yangilanadi.

OʻzA
2 156