O‘zA O`zbek

29.05.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda Qiynoqning oldini olish qoʻmitasi tashkil etiladi

Oʻzbekistonda Qiynoqning oldini olish qoʻmitasi tashkil etiladi

Bosh prokuraturada Davlatimiz rahbarining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasiga bagʻishlangan brifing boʻlib oʻtdi.

Mazkur qaror 2019-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-ijroiya qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, shuningdek tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Qiynoqning oldini olish qoʻmitasini tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu qoʻmita huquqni muhofaza qiluvchi alohida organ, yaʼni insonning qiynoqdan himoya qilishga doir konstitutsiyaviy huquqini taʼminlash boʻyicha respublika davlat boshqaruvi organi sifatida oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshirishi, oʻz faoliyatida Respublika Prezidenti va Oliy Majlisi palatalariga hisobdor boʻlishi belgilangan.

Loyihada qoʻmitaning asosiy vazifalari sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning qiynoqqa doir murojaatlarini koʻrib chiqish; qiynoq holatlariga doir ishlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish; jinoyat ishini yuritish chogʻida ushlab turilgan shaxslarning yagona elektron reyestrini yuritish; qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararning oʻrni qoplanishini taʼminlash, ularga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish; qiynoq holatlari sodir etilishiga sharoit yaratgan mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlik masalasi hal etilishini taʼminlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, loyihada ushlab turilgan va qamoqqa olinganlar sutkaning istalgan vaqtida telefon orqali, shu jumladan videokonferensaloqa rejimidan foydalangan holda murojaat qilishi mumkin boʻlgan Qiynoqning oldini olish qoʻmitasining “call-markazi”ni tashkil etish belgilangan.

684
N.Abduraimova, OʻzA