O‘zA O`zbek

03.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda qaysi jinoyatlar koʻpaydi?

Oʻzbekistonda qaysi jinoyatlar koʻpaydi?

Jinoyatlarni tahlil qilish uchun bugungi kunda statistika professionali boʻlish shart emas. Chunki ochiqlik taʼminlanayotgani, tezkor axborotlar natijasida qanday jinoyatlar koʻpayayotganini bilish qiyin emas.

Firibgarlik, tovlamachilik, korrupsiya, ogʻir oqibatlar bilan yakuniga yetayotgan oilaviy mojarolar, chaqaloq savdosi, yoshlar jinoyatchiligi haqida keyingi paytda koʻproq eshitdik.

Senatning yaqinda boʻlib oʻtgan yalpi majlisida ham aynan shunday jinoyatlar koʻpaygani aytib oʻtildi.

Jumladan, bolalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar ortgan.Oʻtgan yilda giyohvandlik, korrupsiya va iqtisodiy yoʻnalishlarga oid qariyb 4,5 ming jinoyat aniqlangan. 142 qotillikning 49,2 foizi er-xotinlar oʻrtasida kelib chiqqan nizolar sababli sodir etilgan.

Har toʻrtinchi jinoyatni yoshlar amalga oshirgan. Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari toʻliq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 5 ming 32 nafar ayol jinoyat sodir etgan.

Bu esa jamiyat ijtimoiy-maʼnaviy muhitida kemtikliklar borligini koʻrsatadi. Ayrim iqtisodiy muammolarning yechilmay xaspoʻshlab ketilayotgani oqibatida shunday vaziyat yuzaga kelayotgani sir emas.

Qashqadaryoda bolasini sotmoqchi boʻlganda qoʻlga tushgan ayoldan nega bunday qilgani soʻralganda, u muhtojlikdan shu ishga qoʻl urganini aytgan. Garchi bu ayolni aslo oqlab boʻlmasa-da, uning tayinli ishi boʻlganida, roʻzgʻori but boʻlganida, u bolasini sotishga jazm etmasdi.

Hokimliklar joylarda odamlarga bosh boʻlish, aholi muammolarini aniqlab, ularni bartaraf etish maqsadida tuzilgan. Biroq, bu tizimda ishlayotganlar pastga, yaʼni xalqqa qarash bilan emas, negadir yuqoriga qarash bilan ovoralar doim. Oqibatda, aholi mushkul ahvoldan hamon chiqa olmayapti.

Qachonki, odam ish bilan band boʻlsagina, u roʻshnolik koʻrib, xotirjam yashaydi. Bunday kishilarning qasddan jinoyat sodir qilish ehtimoli deyarli yoʻq. Shu oddiy arifmetikani amalda taʼminlash uchun nahotki bizga yana oʻttiz yil kerak boʻlsa?!

Jinoyatlar haqida soʻz borar ekan, sud statistikasiga ham nazar tashlab oʻtamiz: transport vositasini olib qochish, oʻgʻrilik, qonunga xilof ravishda chet elga chiqish, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlash, fohishaxona saqlash yoki qoʻshmachilik qilish, odam savdosi, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlar uchun sudlanganlik koʻrsatkichlari kamaygan.

Bu esa aynan shu yoʻnalishlarda nafaqat davlat, balki jamoat tashkilotlari hamkorlikda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani natijasi. Birgina odam savdosiga qarshi kurashishga oid ishlar kuchaytirilgani, ogohlikka daʼvat etuvchi maʼlumotlar koʻpaygani maʼlum maʼnoda odamlarning koʻzini ochdi.

Yoʻllar kuzatuv kameralari orqali nazoratga olingani ham haydovchilarni ancha sergaklashtirdi. Oʻgʻrilik kamayganini ham zamonaviy texnologiyalar bilan bemalol bogʻlash mumkin. Bolalar mehnatiga chek qoʻyishga qaratilgan amaliy ishlar ham natija koʻrsatdi.

Jinoyatchilikka qarshi kurashishda unga yoʻl ochayotgan omillarni bartaraf etishning samara koʻrsatgani bu.

DEMAK, JINOYATNI JILOVLASHNING IMKONI BOR!

Buning uchun sodir boʻlayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish bilan cheklanmay, uning sabablarini aniqlash va bartaraf etish ustida koʻproq bosh qotirish kerak.

Toʻgʻri, davlatimiz rahbari ham jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasini taʼminlashga doimiy eʼtibor qaratmoqda. Biroq,masʼullar buni amalda taʼminlash oʻrniga roʻy berayotgan noxush holatlarni imkon qadar xaspoʻshlash bilan ovora. Chunki profilaktik ishlar aholi ichiga kirish, kerak boʻlsa, har bir insonning koʻngliga yoʻl topish, muammosi boʻlsa, koʻmaklashishni taqozo etadi. Odamlar bilan muloqot qilish natijalarida, yon-atrofga nazar solganda esa bunday holatlarni kuzatish amrimahol.

Jinoyatga jazo muqarrarligi prinsipining yetarli darajada taʼminlanmayotgani ham jinoyatga yoʻl ochuvchi sabab ekanini hech kim inkor qila olmaydi. Odam oʻlimiga sababchi boʻlayotgan jinoyatchilar ham sud zalidan qoʻyib yuborilayotgani uchrayotgani mana shunday xulosa chiqarishga sababdir. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi jinoyatlarga oid fikrlarda ham aynan shunday qarashlar mavjud. Bu esa jinoyatga jazo muqarrarligi prinsipiga putur yetganini anglatmaydimi?

1 306
Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA