O‘zA O`zbek

01.08.2018 10:52 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda qator tizim xodimlarining oylik ish haqlari oshirildi

O‘zbekistonda qator tizim xodimlarining oylik ish haqlari oshirildi

2018-yil 1-avgustdan ayrim soha vakillarining oylik maoshi ko‘tarildi

Bu haqda Adliya vazirligining @huquqiy_axborot kanali ma’lum qildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlarining ish haqi miqdori 2 baravar oshirildi.

Bundan tashqari, “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga binoan belgilangan sudlar, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi sudyalari va apparatlari xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlariga oylik ish haqini oshirish bo‘yicha belgilangan normalar ham bugundan kuchga kirdi.

2018-yil 1-avgustdan boshlab soliq organlari xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,7 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga ham lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi ham kuchga kirdi. Buning uchun mazkur xodimlar patrullik hududida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yishi, ularni aniqlashi, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlashi lozim.

O‘zA
4 796