O‘zA O`zbek

18.03.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda olimlar uchun xalqaro mukofot taʼsis etiladi

Oʻzbekistonda olimlar uchun xalqaro mukofot taʼsis etiladi

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Unga koʻra, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining matematikasi sohasidagi ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik beriladi.

Hujjat bilan quyidagilar belgilanadi:

Mukofot bilan Oʻzbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari taqdirlanadi;

Mukofot bilan taqdirlash boʻyicha xarajatlar bir martalik toʻlov shaklida 100 ming AQSH dollari miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

Mukofot taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika fan va texnologiyalar kengashining taqdimnomasiga koʻra beriladi;

Kengashda nomzodlarni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organining xulosasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadigan takliflariga koʻra amalga oshiriladi;

taqdirlash uchun nomzodlar boʻyicha takliflar Matematika jamiyati tomonidan oʻtkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va ekspert tavsiyanomasi shaklida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

4 035
Inobat AHATOVA, OʻzA