Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.04.2018 13:15 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda o‘rta hisobda aholi qancha daromad oladi?

O‘zbekistonda o‘rta hisobda aholi qancha daromad oladi?
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning yanvar-mart holatiga aholi umumiy daromadlari 43,2 trln. so‘mni, bir kishiga o‘rtacha hisoblaganda 1,3 mln. so‘mni tashkil etdi.

Real daromadlar nominal daromadlarni chakana narxlar va tariflar o‘zgarishini hisobga olgan holda nominal daromadlarning real xarid qilish qobiliyatini ifodalaydi. Iste’mol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholining umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 110,6 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real o‘sish sur’ati 108,8 foizni tashkil etdi.

Aholining umumiy daromadiga pul daromadlari va natura shaklidagi daromadlar kiradi hamda doimiy asosda, takrorlanuvchi xususiyatga ega bo‘lgan, yillik yoki undan kam vaqt oralig‘idagi davrda uy xo‘jaligi yoki uning alohida a’zolariga tushadigan tushumlardan tarkib topadi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (3310,7 ming so‘m) hamda Navoiy (2111,4 ming so‘m), Buxoro (1414,3 ming so‘m) va Toshkent (1403,6 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilganligi kuzatildi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sish sur’ati Xorazm viloyatiga (15,1 foiz) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Samarqand (14,4 foiz), Surxondaryo (13,7 foiz), Andijon (12,6foiz), Namangan (10,4 foiz) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (9,8 foiz) aholi jon boshiga umumiy daromad ko‘rsatkichlarining real o‘sish sur’atlari respublika darajasidan yuqorini tashkil etgan.

Aholining umumiy daromadlari hajmining sezilarli darajada o‘sishi asosan umumiy daromadlar tarkibida 59,6 foiz ulushga ega bo‘lgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlar (yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar) va 32,2 foizni tashkil etuvchi transfertlardan olingan daromadlarning sezilarli o‘zgarishi hisobiga yuzaga kelgan.

Bu haqida Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

O‘zA
1 574