O‘zA O`zbek

11.02.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda masofaviy oʻqitish tizimi joriy etiladi

Oʻzbekistonda masofaviy oʻqitish tizimi joriy etiladi

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi va 2020-yil Davlat dasturi loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Unga asosan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetida, tajriba tariqasida, masofaviy oʻqitish shakli joriy etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2020-yil 1-aprelga qadar masofaviy oʻqitish shaklini amalga oshirish tartibini belgilash, dasturiy-apparat kompleksini yaratish va koʻrsatib oʻtilgan oliy taʼlim muassasalarini oʻquv jarayoniga masofaviy taʼlimni joriy etish uchun zarur boʻlgan uskunalar bilan jihozlashni taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov natijalarini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim tizimiga masofaviy oʻqitish shaklini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflarni oʻqitishning ushbu shaklini amalga kiritishning oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari kesimidagi grafigi bilan birgalikda kiritadi.

841
OʻzA