O‘zA O`zbek

13.12.2017 19:47 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi yagona jurnal 60 yildan beri chop etilmoqda

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning imkoniyati qaysidir ma’noda cheklangan bo‘lishi mumkin. Lekin ular jamiyatimizning to‘laqonli a’zosi sifatida hayot zavqi va shavqini his etib yashashga haqli. Ulardagi o‘ziga xos iste’dod va iqtidor ayrim sog‘lom insonlarda ham bo‘lmasligi hayotiy haqiqat.

Mamlakatimizda Mehr-muruvvat oyligi doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan ommaviy-madaniy va xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston nogironlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi raisi Feruza Vosiqovaning ma’lum qilishicha, oylik boshlangandan beri 150 nafar kishining holidan xabar olinib, ularga zarur uy anjomlari va sovg‘alar taqdim etilgan. Homiylar ishtirokida Yunusobod, Yakkasaroy va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yashovchi uch nafar nogironga, shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi hamkorligida 7 nafar bolaga nogironlik aravachasi berilgan.

Umidxo‘ja Ahmedov hozir 21 yoshda, ikkinchi guruh nogironi. Jarangli ovozi, tanbur va pianinoni maromiga yetkazib chala oladigan bu yigit hozir O‘zbekiston nogironlar jamiyatining Toshkent shahar "Yoshlik" talabalar shaharchasi bo‘linmasiga yetakchilik qilmoqda.

– Bo‘linmamizning oltmishga yaqin a’zosi bor, – deydi u. – Homiylik asosida talaba va o‘quvchilarga shartnoma puli, dori-darmonlari uchun yordam beramiz.

Dildora Kunuzoqova ham shunday iqtidorli yoshlardan. Dildora garchi birinchi guruh nogironi bo‘lsa-da, bu hayotda jarangli ovozi bilan vatandoshlari qalbini zabt etish orzusi bilan yashaydi. Ko‘plab qo‘shiqlar muallifi bo‘lgan Dildora muxlislarini o‘zining konsert dasturida yangi ijrolari bilan xushnud etmoqchi.

– Keksalari qadrlanayotgan, yoshlari qo‘llab-quvvatlanayotgan aziz zaminda tug‘ilib, o‘sganimdan baxtiyorman, – deydi Dildora. – Joriy yilning 17-dekabr kuni O‘zbekiston nogironlar jamiyati ko‘magi bilan poytaxtimizning “Istiqlol” saroyida "Shu yurtim uchun jon fido" deb nomlangan xayriya konsert dasturini namoyish etmoqchimiz.

“Bir safda” jurnali Dildora kabi yoshlarni qo‘llab-quvvatlab, ularga ma’naviy ko‘mak bo‘layotgan nufuzli nashr hisoblanadi. Ko‘zi ojizlar uchun nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu jurnal bu yil o‘zining 60 yillik yubileyini keng nishonladi. U O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy, ishlab chiqarish, ta’lim ma’daniyat, sport, sog‘lomlashtirish kabi sohalardagi faoliyati hamda yurtimizning keng ko‘lamli islohotlar jarayonini yoritib boradi. Qolaversa, jurnal mamlakatimizda yashovchi ko‘zi ojiz fuqarolarning hayoti va ularning ijtimoiy sohalarda erishayotgan yutuqlarini jamoatchilikka targ‘ib etadigan muhim manba hamdir.

– Oylik doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarga yaratilayotgan qulaylik va bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zi ojizlar uchun brayl yozuvida hamda zaif ko‘ruvchilar uchun yirik shriftli yassi bosmada chiqadigan nashrimizda keng yoritib boramiz, – deydi jurnal bosh muharriri Ikrom Rajabov. – M amlakatimizdagi mavjud 12 ta ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashgan maktab-internatlarni maxsus yozuvdagi darsliklar bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, jamiyat tasarrufidagi bosmaxona tomonidan shu kunga qadar 15 nomdagi darsliklar nashr etildi. Jamiyatga qarashli "San’at gulshani" mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi ovoz yozish studiyasida 20 dan ortiq audio formatdagi ilmiy-badiiy asarlar joylardagi maxsus kutubxonalar orqali ko‘zi ojizlarga taqdim etilayotgani ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bardavomligi deyish mumkin.

Mamlakatimizda yaratilgan kuchli ijtimoiy himoya tizimi asosida davlatimiz tomonidan aholining ehtiyojmand qatlamlari, xususan, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning manzilli ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan aniq va maqsadli choralar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va barcha bo‘g‘indagi kasaba uyushma tashkilotlari ham faol ishtirok etayotir.

– O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi rayosatining O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining keksa avlod vakillari va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2017-2020-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlari tasdiqlangan bo‘lib, unga muvofiq kasaba uyushmalari tom

onidan 584 nafar yolg‘iz keksa va nogiron insonga 62,7 million so‘mlik kommunal to‘lovlari qoplab berildi, – deydi Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova. – Jumladan, ulardan 4 nafar urush va mehnat faxriysining uy-joyi ta’mirlanib, 46 nafariga 26,6 million so‘mlik reabilitatsiya vositalari olib berildi. Shuningdek, bayramlar munosabati bilan Muruvvat, Saxovat uylarida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilib, u yerda yashovchilar holidan xabar olindi va ularga jami 75,8 million so‘mlik maishiy jihozlar, kiyim-kechaklar, gigiyenik vositalar topshirildi.

Oylik munosabati bilan kasaba uyushmalari tomonidan joylarda ommaviy-madaniy va xayriya tadbirlari, uchrashuvlar tashkil etilmoqda, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning uylariga borib xabar olinib, ularga manzilli yordam ko‘rsatilmoqda. Bunda nogironlar uchun kvotalangan ish o‘rinlarining ajratilganligi va ularni to‘g‘ri band qilinganligi ustidan jamoatchilik nazoratini olib borish bo‘yicha ham ishlar kuchaytirildi. Korxona, tashkilot va muassasalarda ishlayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan insonlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga ular o‘rtasida ma’naviy-madaniy va sport tadbirlari, uchrashuvlar o‘tkazilib, Saxovat va Muruvvat uylarida yashovchilar uchun kasaba uyushmalarining ijtimoiy aksiyalari tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston Iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi tomonidan paralimpiya sportchilari, jismoniy imkoniyati cheklangan insonlar, tarmoq tizimidagi kichik biznes subyektlari, korxona va tashkilotlar xodimlari o‘rtasida sportning mini futbol turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar ham shunday ezgu ishlar davomidir. Tarmoq tizimidagi korxonalarda mehnat qilayotgan xodimlardan tarkib topgan 8 jamoa hamda ko‘zi ojiz sportchilardan jamlangan “Qaldirg‘och” va “Lochin” jamoalari ishtirokidagi turnir qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda 100 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan insonga Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan sovg‘alar topshirildi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
6 420