O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 25 ming nafardan oshdi

Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 25 ming nafardan oshdi

2020-yil 2-avgust soat 10:00 holatiga koʻra, Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 25 040 (+257) nafarni tashkil etmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 103 nafari Samarqand viloyati, 99 nafari Toshkent shahrida, 18 nafari Sirdaryo viloyatida, 14 nafari Qashqadaryo viloyatida, 9 nafari Navoiy viloyatida, 5 nafari Namangan viloyatida, yana 5 nafari Fargʻona viloyatida hamda 4 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda boʻlganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Ayni paytda yurtimizda 15 299 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar (61 foiz) sogʻaygan.

Hozirda mamlakatimizda 9 592 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan belgilangan standartlar boʻyicha davo choralari koʻrilmoqda. Ulardan 592 nafari ogʻir, 185 nafari esa oʻta ogʻir ahvolda.

***

Toshkent shahri Mirobod tumanida yashagan 46 yoshli bemor S.L.da (erkak) joriy yil 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va nafas yetishmovchiligi belgilari kuchayib Zangiota ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi oʻta ogʻir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qoʻyilgan. Xastalik oʻtkir respirator distress sindromi, oʻtkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamda semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham ogʻrigan.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 58 yoshli (erkak) bemor Sh.D.da ham 20-iyul kuni COVID-19 infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota ixtisoslashtirilgan koʻp tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kun davomida tana harorati koʻtarilib, nafas yetishmovchiligi kuchayganligi sababli yotqizilgan.

Unga ham COVID-19 infeksiyasi oʻta ogʻir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qoʻyilgan. Xastalik oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, gipertoniya, arterial gipertenziya hamroh kasalliklar bilan ham ogʻrigan. Har ikki bemor oʻtkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

2 778
O'zA