O‘zA O`zbek

21.09.2018 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

Oʻzbekistonda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi;

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlanishi mumkin.

Belgilab qoʻyilishicha, huquqiy targʻibotni tizimli ravishda olib borish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biridir.

Quyidagilar jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilanadi:

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini hamda ijtimoiy faolligi yuksalishini taʼminlash;

davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

bolalar va yoshlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish;

ommaviy axborot vositalarining aholini huquqiy axborot bilan taʼminlashdagi rolini yanada oshirish, huquqiy targʻibotning innovatsion usullaridan keng foydalanishni, shu jumladan, veb-texnologiyalarni qoʻllashni kengaytirish;
yuridik taʼlimni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;

huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, mahallalarda har juma kuni “Huquqiy bilimlar kuni” etib belgilanadi va ushbu kunda targʻibot tadbirlarini tashkil etish orqali quyidagilarga alohida eʼtibor qaratiladi:

hafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini koʻrgazmali tarzda barcha xodimlar va aholi eʼtiboriga yetkazish;

huquqshunos olimlar va amaliyotchi mutaxassislar taklif qilgan holda xodimlar hamda aholining huquqiy bilimlarini oshirish;

korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi takliflari maʼqullanishi mumkin:

jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda munosib hissa qoʻshgan huquqshunoslarga hamda fuqarolarga aholining huquqiy savodxonligini oshirishda koʻrsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan “Huquqiy targʻibot ishlari aʼlochisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida davlat organlari huzurida oʻz faoliyati sohasiga doir masalalarni aholi oʻrtasida tushuntirish boʻyicha volonterlar (koʻngillilar) harakatini tuzish va ularning samarali faoliyatini taʼminlash;

umumtaʼlim muassasalarining oʻquv dasturlariga huquqiy bilimlarga doir fanlarni kiritish, taʼlim oluvchilarga darsdan tashqari huquqiy bilim berishni yoʻlga qoʻyish;

fuqarolarning kundalik hayotida koʻp uchraydigan masalalar yuzasidan savol-javob tarzidagi huquqiy qoʻllanmalarni tayyorlash va uni xonadonlarga tarqatish.

2 550
O'zA