O‘zA O`zbek

05.07.2018 11:02 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda “HALOL” standarti joriy etilgan

O‘zbekistonda “HALOL” standarti joriy etilgan
Xo‘sh, bunday standartdan mamlakatimizga, aholiga qanday naf bor?

“HALOL” belgisi bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga Yevropa Ittifoqi, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada, Xitoy, Hindiston, Lotin Amerikasi davlatlari, Yangi Zelandiya va Tailand kabi mamlakatlarda alohida e’tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 6 noyabrdagi “Meva-sabzavot mahsulotlari, uzum, poliz, dukkakli ekinlar, shuningdek, quritilgan sabzavot va mevalarni mahalliy eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, yurtimizda ham “HALOL” standarti joriy etildi.

Xo‘sh, bunday standartdan mamlakatimizga, aholiga qanday naf bor?

Bu savolga Jahon bankining O‘zbekistondagi konsultanti Jahongir Imomnazarov shunday javob berdi:

– Dubay amirligi buyurtmasiga ko‘ra, AQSHning Thomson Reuters va Dinar Standard tadqiqot - konsalting kompaniyalarining islom iqtisodiyoti bo‘yicha o‘tkazgan tadqiqotlari, “HALOL” mahsulot va xizmatlar bozori yaqin yillarda yiliga 6,5 foizdan o‘sishini va 2020 yilda 2,6 trillion dollarni tashkil qilishini ko‘rsatdi.

Yanada aniq bilish uchun qiyoslaydigan bo‘lsak, “HALOL”, ya’ni tarkibida islom dinida iste’mol qilish ta’qiqlangan mahsulotlar bo‘lmagan oziq-ovqat va ichimliklar bozorining hajmi 2015 yilda 1,17 trillion dollarga teng bo‘lgan edi. Bu ko‘rsatgich, 2021 yilga borib 1,9 trillion dollarga yetishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga qaraganda bugungi kunda “HALOL” pardoz-andoz va dori-darmon mahsulotlari bozorining hajmi 134 milliard dollarga teng bo‘lib, 2021 yilga borib, 213 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.

Keling, shu o‘rinda dunyodagi yirik kompaniyalarning “HALOL” mahsulotlar ishlab chiqarish borasidagi faoliyatiga nazar tashlaylik. Misol uchun, Nestlé (Shveysariya) kompaniyasining Malayziyadagi shu’ba korxonasi 1 milliard dollardan ziyod tovar aylanmasi bilan “HALOL” mahsulotlar ishlab chiqarishda yetakchilik qilmoqda. 1912 yilda ish boshlagan kompaniya, “HALOL” mahsulotlar bozori istiqbolini o‘z vaqtida anglab yetib, 1994 yildan ana shu belgidan foydalanishni boshladi va o‘zining “HALOL” sifat markazini tashkil qildi. Hozirda 5 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilib, 300 turdan ortiq “HALOL” mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

Bruney hukumatiga tegishli “Ghanim International” kompaniyasi 2011 yildan buyon Buyuk Britaniyaga Bruneihalal belgisi ostida “HALOL” mahsulotlar yetkazib bermoqda. Bu mahsulotlar Britaniyaning savdo tizimlari, jumladan, mashhur TESCO orqali sotilmoqda. 2016 yildan esa “Ghanim International” Britaniyaning Birmingem shahrida “HALOL” go‘sht mahsulotlari fabrikasini ishga tushirdi.

Yaponiya ham bu masalada ilgarilab bormoqda. Masalan, Aichi prefekturasi musulmonlarga bag‘ishlangan mehmondo‘stlik qo‘llanmasi nashr qildi. Yapon tilidagi qo‘llanma yapon tadbirkorlari uchun tayyorlangan bo‘lib, unda musulmonlarga nisbatan qanday muomalada bo‘lish kerakligi, musulmonlarga nima taklif qilish mumkin va nima mumkin emas kabi masalalar yoritilgan. Albatta, bu qo‘llanma musulmonlarga hurmat bildirish uchun emas, balki Yaponiyaga tashrif buyurayotgan musulmon turistlarda yaxshi taassurot qoldirish va keyinchalik ularni yana Yaponiyaga kelishini ta’minlash uchun tayyorlangan.

Hozirga qadar bir nechta MDH mamlakatlari (Rossiya Federatsiyasi, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston) o‘z mahsulotlarini Saudiya Arabistoni, Birlashgan arab amirliklari, Eron, Iordaniya, Misr, Bahrayn, Omon kabi musulmon mamlakatlariga “HALOL” belgisi ostida eksportga chiqarib ham ulgurgan.

Shu o‘rinda eng qiziq fakt – “HALOL” standarti talablariga javob beruvchi mahsulotlarni eksport qiluvchi asosiy mamlakatlar musulmon davlatlari emas, balki AQSH, Braziliya, Avstraliya, Germaniya kabi davlatlar ekanligini aytib o‘tmoqchimiz. Aholisi asosan musulmonlardan iborat Indoneziya, Turkiya, Pokiston, Misr kabi davlatlar esa “HALOL” turdagi mahsulotlarni (birinchi navbatda go‘shtni) katta miqdorda import qiladi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
4 889