O‘zA O`zbek

12.06.2019 20:49 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda Germaniyaning tibbiyot sohasidagi tajribasi tatbiq etiladi

Oʻzbekistonda Germaniyaning tibbiyot sohasidagi tajribasi tatbiq etiladi

Innovatsion rivojlanish vazirligining taʼlim va sogʻliqni saqlashga innovatsiyalarni joriy qilish hamda tadqiq etish boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Baxtinur Xudanov 3-11-iyun kunlari Germaniya Federativ Respublikasining Vitten/Xerdekke universitetida boʻlib, universitet rahbariyati bilan sogʻliqni saqlash sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashish boʻyicha bilan muzokara oʻtkazdi.

Xususan, universitet vitse-prezidenti Yan Exlers va maxsus stomatologik xizmat kafedrasi mudiri, professor Andreas Shulte bilan hozir jahonda keng qoʻllanilayotgan teletibbiyot yoʻnalishi boʻyicha innovatsiyalarni oʻrganish va mamlakatimizda joriy qilish masalalari muhokama qilindi. 

Uchrashuv davomida Germaniya tibbiyoti, tibbiy taʼlimdagi erishilgan natijalar, innovatsiyalar haqida fikr almashildi. Ularni yurtimizga joriy qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Germaniyalik mutaxassislar bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanida tashkil etilishi rejalashtirilayotgan teletibbiyotga asoslangan innovatsion klinikasi loyihasi muhokama qilindi. Ekspertlar ushbu loyihaga yuqori baho berib, u chekka hududdagi aholining vaqt va mablagʻini tejashga, shu bilan birga tashxis qoʻyish va maslahat berish sifatini oshirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Ushbu tizim Avstraliya, AQSH, Niderlandiya, Germaniya, Hindiston kabi davlatlarda keng qoʻllaniladi.

Oʻzbekiston aholisining stomatologik kasalliklar, xususan, kariyes va uning asoratlariga chalinishini oʻrganish boʻyicha ishlar uzoq vaqtdan beri toʻxtab qolgani, bu stomatologik kasalliklarni aniqlash, ularga qarshi profilaktik chora-tadbirlar qoʻllashni qiyinlashtirayotgani qayd qilindi. Ushbu sohada ilmiy izlanishlar olib borish uchun xorijiy moliya institutlari grantlarini jalb qilish boʻyicha hamkorlikdagi ishlar boshlandi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati

OʻzA
639