O‘zA O`zbek

08.08.2018 16:26 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda farmatsevtika korxonalari yana bittaga ko‘paydi

O‘zbekistonda farmatsevtika korxonalari yana bittaga ko‘paydi
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zinnur servis pharm” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash muassasalarini sifatli, xavfsiz va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hududlarda ham bu borada ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, yangi turdagi dori vositalari ishlab chiqarish va ichki bozorni to‘ldirish imkoniyati kengaymoqda.

Uchko‘prik tumanidagi mazkur korxona yiliga 2.5 million qadoq tabletka va kapsula, 200 ming tubik maz mahsulotlari tayyorlash quvvatiga ega. Loyiha qiymati jami 3 milliard 100 million so‘m bo‘lib, uning 1 milliard 100million so‘mi Xalq bankining Uchko‘prik tumani filiali tomonidan ajratilgan.

– Korxona Xitoy va Rossiyadagi yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlandi, – deydi “Zinnur servis pharm” MCHJ rahbari O‘tkirbek Ziyataliyev. – Joriy yil yakuniga qadar paratsetamol, loperamid, diazolin, lineks, sinaflan kabi 10 turdagi dori vositalari ishlab chiqariladi. Kelgusida mahsulot turini 40-50 taga yetkazish rejalashtirilgan. Korxona to‘liq ish boshlagach, mahsulotlarning bir qismi qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlariga eksport qilinadi. 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilib, tibbiyot kollejlarining farmatsevtika yo‘nalishi bitiruvchilari bandligi ta’minlandi.

M.Sulaymonov, O‘zA
1 946