O‘zA O`zbek

07.08.2018 18:58 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi: real qadamlar va xalqaro e’tirof

O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi: real qadamlar va xalqaro e’tirof
AQSH tarixida ilk bor joriy yil 26 iyul kuni Vashington shahrida din erkinligi masalalari bo‘yicha vazirlar darajasidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Uning ishida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi bilan bir qatorda 80 dan ortiq mamlakat vakillari – tashqi ishlar vazirlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, diniy yetakchilar va fuqarolik jamiyati faollari ishtirok etdi.

Tadbirning kun tartibiga ko‘plab masalalar kiritilgan edi. Jumladan, diniy erkinliklarni inson huquqlarini himoya qilish tendensiyalari bilan o‘zaro bog‘liqlikda ta’minlash, tajovuzkor ekstremizmga qarshi kurashish xususida so‘z yuritildi. Madaniy merosni saqlash, din bahonasida zo‘ravonlik qurboni bo‘lganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatning o‘ziga xos jihatlari muhokama qilindi.

Yuqori darajadagi tadbirda so‘zga chiqqan AQSH vitse-prezidenti M.Pens, AQSH Davlat kotibi M.Pompeo, AQSHning alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi S.Braunbek O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi, ayniqsa, e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida muvaffaqiyatlarga erishayotganini qayd etib, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni davom ettirishga intilishi qat’iy ekanini ta’kidladilar. Mamlakatimiz hayotida real o‘zgarishlar ro‘y berayotgani konferensiyaning boshqa ishtirokchilari tomonidan ham e’tirof etildi.

Shubhasiz, O‘zbekiston bunday e’tirofga rahbariyatning siyosiy irodasi va har bir fuqaroning bevosita hayotida o‘z aksini topayotgan izchil insonparvarlik siyosati tufayli erishdi.

Birinchi navbatda, davlatimizning ushbu muhim sohadagi siyosati O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z aksini topgan. Strategiyaning beshinchi yo‘nalishida “Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar” belgilangan.

Strategiyaning ushbu yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlarni chuqur tahlil qilsak, 25 ta amaliy islohotni amalga oshirishni ko‘zda tutadigan 54 dan ortiq qonun hujjati qabul qilinganining o‘zi bu boradagi davlat siyosatida jiddiy o‘zgarishlar va haqiqiy sifat jihatidan yangilanishlar miqyosidan dalolat beradi.

Ikkinchidan, mamlakatimiz xalqaro sheriklar, xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari, Human Rights Watch, Amnesty International kabi va boshqa dunyoga mashhur notijorat nohukumat tashkilotlar bilan konstruktiv hamkorlik uchun o‘z eshiklarini ochdi.

Ta’kidlash joiz, uzoq yillardan buyon birinchi marta BMTning e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekistonga keldi. Ushbu tashrifning yakunlari O‘zbekiston parlamenti tomonidan qabul qilingan alohida hujjatda o‘z aksini topdi. Mazkur hujjat e’tiqod erkinligini ta’minlash, e’tiqod erkinligi to‘g‘risidagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish va diniy tashkilotlar faoliyatini soddalashtirishga qaratilgan kompleks tadbirlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.

Uchinchidan, diniy munosabatlar sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilayotgan maslahat organi – Konfessiyalar ishlari bo‘yicha kengash faoliyati yangilandi. Kengash tarkibiga barcha 16 diniy konfessiya rahbarlari kiritildi.

To‘rtinchidan, diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning oxirgi 20 yil davomida o‘zgarmasdan kelgan va zamon talablariga muvofiqlashtirishni taqozo etgan tartib-taomili salmoqli darajada soddalashtirilgani bu borada muhim qadam bo‘ldi.

Masalan, avvalgi tartibga muvofiq, ro‘yxatga oluvchi organ – adliya organlari diniy tashkilotlarga qonun yoki ustav hujjatlari buzilganda jarima solish huquqiga ega edi. Yangi nizomga asosan ushbu vakolatlar bekor qilindi. Shuningdek, diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar soni, hisobotlar taqdim etish davriyligi qisqartirildi, diniy tashkilotni ro‘yxatga olish uchun davlat boji miqdori besh barobar kamaytirildi va hokazo.

Bugungi kunda Adliya vazirligi diniy tashkilotlarni ro‘yxatga oluvchi organ sifatida o‘z vazifalarini bajarishga yondashuvni o‘zgartirdi. Endilikda vazirlik o‘z vazifasini byurokratik tartibga solish emas, balki sheriklik asosida tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz hududida 16 diniy konfessiyaga mansub 2 ming 256 diniy tashkilot faoliyat yuritmoqda. Keyingi 6 oyda 11 diniy tashkilot, shu jumladan, Toshkent viloyatidagi “Svet miru” ellikkunchilar cherkovi ro‘yxatga olindi. Umuman, O‘zbekiston bo‘yicha 175 xristianlik tashkiloti, 8 yahudiy, 6 bahoiy jamoalari, “Iegova shohidlari”, bitta Krishna jamiyati va bitta Budda ibodatxonasi, shuningdek, O‘zbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati mavjud.

Beshinchidan, O‘zbekiston diniy masalalar bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan odamlar va oilalarning “qora ro‘yxati”dan xalos bo‘ldi. Ushbu allaqachon tanqidga duchor bo‘lgan ro‘yxatlar, albatta, rasmiy reyestr xususiyatiga ega bo‘lmagan, lekin odamlar hayotiga, ayniqsa, ish topishda va mahalla ko‘magidan bahramand bo‘lishiga salbiy ta’sir ko‘rsatar edi. Ezgulik namoyishi sifatida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ilk bor o‘zining afv etish huquqidan foydalandi. Natijada ko‘pchiligi diniy jinoyatlar uchun mahkum etilgan 3000 dan ortiq fuqaro afv etildi.

Oltinchidan, yaqinda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini, O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini ta’minlash, fuqarolar o‘rtasida tinchlik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni saqlash kabi eng muhim masalalar tartibga solingan. Qonunda respublikada barqarorlikni ta’minlash, jamiyatimizga ekstremistik va buzg‘unchilik g‘oyalarining singishiga yo‘l qo‘ymaslikning aniq tashkiliy-huquqiy mexanizmlari nazarda tutilgan. Ta’kidlash joizki, ekstremizmga qarshi barvaqt kurashish mamlakatimizda alohida qonun bilan tartibga solinmagan, bu huquqni qo‘llash sohasida ko‘plab muammolarga olib kelar edi.

Yettinchidan, yana bir muhim jihat – ta’lim olish huquqi O‘zbekistonning barcha fuqarolariga ularning dinga munosabatidan qat’iy nazar ta’minlanadi.

Oliy va o‘rta diniy ta’lim muassasalariga fuqarolar majburiy umumiy o‘rta ta’lim olganlaridan so‘ng qabul qilinadi.

Diniy o‘quv maskanlarida diniy fanlardan dars beruvchi shaxslar diniy ta’limga ega bo‘lishlari lozim.

Bugungi kunda mamlakatimizda O‘zbekiston Islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, 9 madrasa, shu jumladan, 2 ixtisoslashtirilgan ayollar bilim yurti, Toshkent pravoslav seminariyasi, Toshkent xristian seminariyasi kabi o‘quv dargohlari faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro tadqiqot markazlari tashkil etilgan. Viloyatlarda kalom, hadis, fiqx, aqida va tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan 5 ilmiy maktab ochilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston to‘liq Injil xristianlari markazi, O‘zbekiston Yevangel xristian-baptistlar cherkovlari uyushmasi va boshqalar faoliyat yuritmoqda.

Sakkizinchidan, “Ziyorat turizmi”ni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ham O‘zbekistonning xayrixohligi va ochiqligidan dalolat beradi. Turizm sohasini sifatli diniy-ma’rifiy dasturlar bilan boyitish ishlari olib borilmoqda. Jahon hamjamiyatiga islomning haqiqiy insonparvar mohiyatini yetkazish, uning boy merosini asrash va o‘rganishga qaratilgan xalqaro tadbirlar tashkil etilmoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda Qur’on, Eski Tavrotning 16 kitobi va Injilning barcha kitoblari o‘zbek tiliga tarjima qilingan va nashr etilgan. Har yili iyul oyida apostollar Petr va Pavel sharafiga diniy kitoblar yarmarkasi hamda diniy kitoblar va cherkov buyumlari xalqaro ko‘rgazmasi o‘tkazib kelinmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston ushbu sohadagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish ishlarini faol davom ettirmoqda.

Xususan, bugungi kunda Adliya vazirligi tomonidan 20 yil avval qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, alohida idoralararo komissiya muayyan jinoyatlar, shu jumladan, diniy masalalar bilan bog‘liq jinoyatlarni izchil jinoiy yurisdiksiyadan chiqarish ustida ishlamoqda.

Bunda jismoniy va yuridik shaxslarning O‘zbekiston hududida diniy materiallar va o‘quv qo‘llanmalarini ishlab chiqarish, import qilish va tarqatish huquqini ta’minlash masalasi kun tartibida. Shunga qaramay, fikrimizcha, davlat import qilinayotgan diniy matnlarni ekspertiza qilish huquqini o‘zida saqlab qolishi lozim. Chunki diniy adabiyotni ekspertizadan o‘tkazish orqali Konstitutsiyaga qarshi targ‘ibot maqsadlarida dindan foydalanish holatlarining, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari tarqalishining oldi olinadi.

Umuman, O‘zbekistonning din sohasidagi siyosati zamirida davlatning dunyoviyligi, din va davlat bir-biridan ajratilgani haqidagi tamoyil yotadi.

Xalqaro shartnomalar davlatga demokratik jamiyatda zarur bo‘lgan me’yorda diniy huquqlarni ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq ma’lum cheklovlarni kiritish huquqini beradi. Bunday cheklovlar jamoat xavfsizligiga va tartibi, aholi salomatligi yoki ma’naviyati, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklariga bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashish zaruratiga mutanosib bo‘lishi lozim.

O‘zbekistonning din sohasidagi siyosati, o‘z navbatida, xalqaro shartnomalarning bu boradagi talablarini to‘liq e’tirof etadi va fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarini ta’minlash yo‘lida izchil qadamlar tashlashda davom etadi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, aholi bilan samarali muloqot, odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni ochiq muhokama qilish, ularni hal etish uchun izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish yuqorida qayd etilgan ishlarni bajarishga xizmat qildi. Natijada aholining davlat organlariga ishonchi, fuqarolik huquqlarini himoya qilish sifati ortdi, mansabdor shaxslaring odamlar hayotiga daxldor qarorlar qabul qilishdagi mas’uliyati kuchaydi.

Jamiyatni liberallashtirish, insonning, shu jumladan, diniy sohadagi huquq va erkinliklarini kafolatlashga doir strategik dastur mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlagan holda diniy erkinliklar va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashni nazarda tutadi.

O‘zbekistonning din sohasidagi yangi siyosatining ilk amaliy natijalarini fuqarolarimiz o‘z hayotida sezayotgani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan munosib e’tirof etilmoqda.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilishi shubhasiz.

Ruslanbek Davletov,
O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri.

O‘zA
3 279