Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2018 12:08 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda Davlat byudjeti xarajatlari 33 017,2 milliard soʻmni tashkil qildi

Oʻzbekistonda Davlat byudjeti xarajatlari 33 017,2 milliard soʻmni tashkil qildi

Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yil I yarim yillikdagi ijrosi maʻlum boʻldi.

Hisobot davrida Oʻzbekistonda Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʻarmalarisiz) 33 017,2 milliard soʻmni tashkil qildi. Davlat byudjeti xarajatlarining ijtimoiy yoʻnaltirilgani taʻminlanib, sohaga umumiy xarajatlarning 55,7 foizi miqdorida mablagʻlar sarflangan. Bunda asosiy eʻtibor aholining real daromadlarini izchil oshirib borish va ijtimoiy himoya qilish, taʻlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, sanʻat va sport sohalarini rivojlantirishga, shahar va qishloq joylarda aholi turmush sharoitini yanada yaxshilashni taʻminlovchi arzon uy-joylar barpo etish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish boʻyicha maqsadli dasturlarni oʻz vaqtida moliyalashtirishga qaratilgani, ayniqsa, eʻtiborlidir.

Aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, arzonlashtirilgan uy-joylar qurish singari ijtimoiy ahamiyati yuqori boʻlgan yirik loyihalarni amalga oshirish borasida Prezident tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish Davlat byudjeti ijrosining ustuvor yoʻnalishlari boʻldi. Jumladan, taʻlim sohasiga ijtimoiy xarajatlarning 52,2 foizi ajratilgan, sogʻliqni saqlash sohasiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilgan mablagʻlar miqdori 4 178,8 milliard soʻmni tashkil etgan.

2018-yilda tez-tibbiy yordamni moliyalashtirish hajmi oshirildi. Hududlardagi tez tibbiy yordam brigadalarini markazlashgan tarzda dori vositalari va tibbiyotda qoʻllanish uchun moʻljallangan buyumlar bilan taʻminlashning yangi tartibi joriy etildi. Onkologiya muassasalarini moliyalashtirish hajmi 2017-yilga nisbatan 1,5 barobarga oshirildi. Bundan tashqari, hisobot davrida qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar hamda internat uylariga – 52,8 milliard soʻm, kichik yoshdagi nogiron bolalar uchun internat-uylariga – 18,9, uy sharoitida ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻlinmalariga – 18,1, nogironlar reabilitatsiya markazlariga – 12 milliard soʻm mablagʻlar yoʻnaltirildi.

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va uning turmush farovonligini oshirish xarajatlariga Davlat byudjetidan 1 397,8 milliard soʻm miqdorda mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Birgina bolalikdan nogironlar uchun toʻlanadigan nafaqalarga Davlat byudjetidan 511 milliard soʻm mablagʻ ajratilgani ushbu sohaga eʻtiborning kuchayib borayotganidan dalolatdir.

OʻzA
1 279