O‘zA O`zbek

26.08.2018 16:34 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimi joriy etiladimi?

Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimi joriy etiladimi? Poytaxtimizning “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimini joriy etish ahamiyatiga bagʻishlangan seminar oʻz ishini boshladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori (YEXHT) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, nodavlat va notijorat tashkilotlar vakillari, oliy oʻquv yurtlarining professor va oʻqituvchilari ishtirok etmoqda.

Tadbir ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻ.Oʻtayev, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining mamlakatimizdagi filiali direktori Sh.Umarova, BMT Yevropa iqtisodiyot komissiyasi atrof-muhit masalalari boʻyicha hududiy maslahatchisi S.Radnaaragchaa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori J.Makgregor va boshqalar soʻzga chiqib, atrof-tabiiy muhitga koʻrsatilayotgan antropogen taʻsirni kamaytirishda ekologik xavfsizliknitaʻminlovchi kompleks choralarni qabul qilish va ularning amaliy ahamiyat haqida toʻxtalib oʻtdi.

Ekspertlarning xulosasiga koʻra, inson salomatligiga taʻsir etuvchi omillarning 20-25% atrof-muhit bilan bogʻliq ekan. Masalan,atmosfera havosi va suv obyektlarining ifloslanishi, tuproqning degradatsiyasi,zararlangan atrof-muhitda yetishtirilayotgan, yoki ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va boshqa omillar inson salomatligiga oʻz taʻsirini koʻrsatmay qolmaydi.

– Bu kabi dolzarb masalalardan kelib, ushbu seminar mamlakatimizdadavlat ekologik ekspertizasi sohasidagi qonun va qonunosti hujjatlarini xalqaro standartlar va Espo Konvensiyasi talablariga moslashtirish, bu borada xorij tajribasini oʻrganish va tahlil etishga bagʻishlandi, – dedi qoʻmita huzuridagi Davlat ekologik ekspertiza markazi boshqarma boshligʻi Adham Qurbonov. – Maqsad esa Oʻzbekistonda atrof-muhitga taʻsirni baholash tizimini joriy etish ahamiyatini oʻrganishdir. Bunda huquqiy masalalar boʻyicha xalqaro ekspert Yerji Yendroshkaning atrof-muhitga taʻsirni baholashning xalqaro konsepsiyasi va Espo Konvensiya talablari haqida maʻruzasi ishtirokchilarda katta qiziqish oʻygʻotdi.

Maʻlumot oʻrnida aytish joizki, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Transchegaraviy kontekstda atrof-muhitni baholash toʻgʻrisidagi Konvensiyasi 1991 yil 25 fevralda Finlyandiyaning Espo shahrida qabul qilingan. Ushbu Espo Konvensiyasiga 50 ga yaqin mamlakat aʻzo boʻlgan.

Eslatib oʻtamiz, seminar ertaga ham oʻz ishini davom ettiradi.

Nasiba Ziyodullayeva, A.Yakubov (surat), OʻzA
2 438