O‘zA O`zbek

17.09.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonda arbitrajning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekistonda arbitrajning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

2019 yil 16 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda arbitrajning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, USAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkiletildi.

Konferensiyada Parlament a’zolari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, mutaxassislar, huquqshunos olimlar, milliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i, yuridik fanlar doktori Islombek Rustambekov ma’ruza bilan O‘zbekistonning mintaqada yetakchi arbitraj markazlaridan biriga aylanish istiqbollariga to‘xtalib o‘tdi va bunga hozirda olib borilayotgan islohotlar to‘liq mos kelishi va mazkur natijaga erishish uchun poydevor bo‘layotganligi ko‘rsatib berdi. Shuningdek, mazkur maqsadga erishish yo‘lida xalqaro talablarga muvofiq keladigan huquqiy bazani shakllantirish, xalqaro arbitraj mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlari va huquqshunos mutaxassislar o‘rtasida keng yoritish hamda tegishli infratuzilmani shakllantirish lozimligini ta’kidlandi.

Konferensiyada arbitraj institutining turli jihatlariga, xalqaro arbitrajni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha xorijiy va milliy tajribaga, O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyati va ularni rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan senatorlarning, BMTTD loyihasi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarining, olimlar va mutaxassislarning ma’ruzalari hamda nutqlari tinglandi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda imkon qadar qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, investorlar, ayniqsa xorijiy investorlar faoliyati uchun huquqiy shart-sharoit yaratish, shuningdek xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tishdi.

Tadbirda O‘zbekistonda xalqaro tijorat arbitraji faoliyati va huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

Anjuman yakunida Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Gonkong arbitraj markazi o‘rtasida memorandum tuzish marosimi o‘tkazildi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

2 796
O‘zA